Toshkent tibbiyot akademiyasi ko‘p tarmoqli klinikasidan 6 nafar, shahar 3-sonli tug‘ruq majmuasidan 1 nafar bemor, jami 7 nafar bemor butunlay sog‘aydi, deya xabar qildi Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati. Ular SSV mas’ullari ishtirokida Respublika ixtisoslashtirilgan terapiya va tibbiy reabilitatsiya ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga kuzatildi.

Toshkent tibbiyot akademiyasi ko‘p tarmoqli klinikasida sog‘ayganlarning 3 nafari Toshkent shahridan, Buxoro, Andijon va Toshkent viloyatlaridan 1 nafardan. Ularning 2 nafari Ressiyadan, 1 nafari Turkiyadan kelgan va karantinga olingan. Kasallik aniqlangach, ixtisoslashgan tibbiy yordam ko‘rsatish maqsadida mazkur klinikaga yotqizilgan. Qolgan 3 nafari esa koronavirus infeksiyasiga chalinganlar bilan muloqotda bo‘lib, kasallikni yuqtirib olgan. Ularning 3 nafari erkak, 3 nafari ayol bo‘lib, eng yoshi kattasi 54 yoshda bo‘lsa, eng yoshi kichigi 20 yoshda.

Shahar 3-sonli tug‘ruq majmuasida tuzalgan 29 yoshli homilador ayol Toshkent shahridan bo‘lib, joriy yil 26 mart kuni Turkiyadan charter reys bilan kelgan va karantinga olingan. Kasallik aniqlangach, mazkur tug‘ruq majmuasiga yotqizilgan. So‘nggi tekshiruvlar unda infeksiya yo‘qligini ko‘rsatdi, homilasi esa rivojlanish bosqichida.

Ayni paytda mamlakat bo‘ylab koronavirus infeksiyasidan butunlay sog‘aygan bemorlar 1103 nafarni tashkil etmoqda.

Avvalroq O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 2017 nafarga yetgani ma’lum qilingandi.