O‘zbekiston bosh davlat sanitariya inspektori, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi boshlig‘i Nurmat Otabekov chorshanba kuni bo‘lib o‘tgan brifingda yangi koronavirus holatlari sabablari to‘g‘risida ma’lum qildi.

“Koronavirus infeksiyasidan kasallanish asosan karantin muassasalaridagilar orasida uchraydi”, — dedi Otabekov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, 29 aprelda 85 ming nafar fuqaro karantinda bo‘lib, ularning 16,9 ming nafari statsionar (kasalxona, sanatoriya, maxsus tayyorlangan joylar), 62,4 ming nafari esa uy sharoitidagi karantinda.

Bosh davlat sanitariya inspektori nima uchun karantindagi odamlar soni o‘zgarmayotganiga izoh berdi.

“Karantin e’lon qilingandan keyin ham ancha paytgacha hamyurtlarimiz charter reyslarida olib kelindi. Agar Siz chegaramiz butunlay yopilgan, deb o‘ylasangiz, bu xato fikr. Negaki har kuni davlatimizga xorijdan 500−600 fuqaro kirib kelayapti (Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Afg‘oniston orqali). Ularning barchasi uyushgan holda karantinga joylashtirilmoqda”, — dedi u.

Karantin tadbirlari bilan qamrab olinganlar kimlar:

  • xorijiy davlatlardan kelib yangidan qo‘shilayoganlar;
  • kasallik chiqishi munosabati bilan karantin muddati uzaytirilgan shaxslar;
  • bemorlarni davolash jarayonida qatnashganlar,
  • bemor ishlagan ishxonasida birga ishlovchilar,
  • bemorning uyida oila-a'zolari, yaqin qarindoshlari, muloqotda bo‘lganlar,
  • bemorlar tashrif buyurgan muassasalar xodimlari,
  • epidemik noxush hududlarga borib, yuk olib kelish bilan shug‘ullanuvchi shaxslar.

Nurmat Otabekov koronavirus kasalligi qayd etilishi kamayib borayotgani pandemiya tugayotganini anglatmasligini ham ta’kidlab o‘tdi.

“Vaziyat birmuncha yumshayotgan bo‘lsa-da, hali 1000 dan ortiq bemor davolanishni davom ettirayapti, 85 mingdan ko‘proq fuqaro karantinda bo‘lib turishibdi”, — dedi u.