O‘zbekistonda gender tenglikni ta’minlash maqsadida barcha mehnat jamoalarida maslahat kengashlari tuziladi. Bu haqda Oliy Majlis Senatining axborot xizmati xabar berdi.

Mazkur maslahat kengashlari faoliyatini tashkil etish maqsadida O‘zbekistonning gender tenglikni ta’minlash masalalari bo‘yicha komissiyasi tomonidan tegishli tavsiyalar ishlab chiqilgan.

Davlat organlarida maslahat-kengashlarini tashkil etishdan asosiy maqsad — har bir mehnat jamoasida xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni yaratish, ularning mehnat huquqlarini himoya qilish, ishiga munosib xaq to‘lash, rag‘batlantirish, rahbarlik lavozimlariga tavsiya etish, shuningdek bu borada olib borilayotgan ishlarni tahlil qilib, zarur takliflarni ishlab chiqishdan iboratdir.

Xabarda ta’kidlanishicha, ushbu tuzilma Gender tenglikni ta’minlash masalalari bo‘yicha Respublika komissiyasining ustuvor yo‘nalish va tavsiyalariga amal qilgan holda quyidagi ishlarni amalga oshiradi:

  • xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlash borasidagi davlat dasturlari, milliy harakatlar rejalari va strategiyalarni amalga oshirish yuzasidan o‘z takliflarini beradi;
  • yuridik xizmat tomonidan qabul qilinayotgan normativ-huquqiy va boshqa ichki me’yoriy hujjatlarni gender tenglikni ta’minlash maqsadida huquqiy (gender-huquqiy) ekspertizadan o‘tkazishda bevosita ishtirok etadi;
  • O‘zbekiston Mehnat kodeksi va boshqa amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarda ayollarga berilgan imtiyozlarning yaratilganlik holatini o‘rganadi va uning natijalari bo‘yicha takliflar tayyorlaydi;
  • ichki idoraviy hujjatlarni tahlil qilish orqali aniqlangan gender tengsizlikni bartaraf etish yuzasidan takliflar ishlab chiqadi va yuridik xizmatga taqdim etadi;
  • ishlarning faoliyat jarayonini monitoring qiladi, baholaydi va aniqlangan kamchiliklarni bartaraf qilish yuzasidan tegishli tavsiyalar ishlab chiqadi va rahbariyatga taqdim etadi;
  • xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar yaratilishini ta’minlaydi;
  • ishga kirish maqsadida murojaat qilgan nomzodlar bilan o‘tkaziladigan suhbat yoki boshqa jarayonlarda, ish beruvchi tomonidan vazifa va lavozimlarga tayinlashda hamda kadrlar zaxirasini shakllantirishda gender tenglikni ta’minlaydi;
  • rahbarlik lavozimlariga iqtidorli, talabchan va mas’uliyatli ayollar nomzodlarining tavsiya qilinishini ta’minlaydi;
  • xodimlarning xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarning buzilishiga doir murojaatlarini ko‘rib chiqadi;
  • hodimlarning ish joyidagi zo‘ravonlikka barham berishga qaratilgan faoliyatni olib boradi va bunday holatlarning oldini olish choralarini ko‘radi;
  • davlat mukofotlari va ko‘krak nishonlariga tavsiya qilish hamda rag‘batlantirishda gender tenglikni ta’minlaydi;
  • xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlash masalalari bo‘yicha o‘qitishni tashkil etish yuzasidan takliflar tayyorlaydi;
  • mehnat jamoasida kasbiy yo‘nalishda teng imkoniyatlar yaratilishi, ayniqsa, ayollar va qizlarni doimiy ravishda bepul tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish yuzasidan rahbariyatga takliflar kiritadi;
  • bir xil lavozimlarda ishlayotgan xotin-qizlar va erkaklarga oylik ish haqi va unga tenglashtirilgan boshqa to‘lovlar teng to‘lanishini monitoring qiladi;
  • gender tenglikni ta’minlash madaniyatini shakllantirish maqsadida targ‘ibot va tashviqot ishlarini olib boradi;
  • boshqa tashkilotlar bilan gender tenglikni ta’minlash bo‘yicha hamkorlik qiladi.

Maslahat kengashi tashkilot rahbariyati tomonidan yetti kishigacha bo‘lgan tarkibda shakllantiriladi. Xususan, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining vakillari ishtirokida tuzilishi mumkin.

Gender tenglikni ta’minlash masalalari bo‘yicha Respublika komissiyasi maslahat-kengashlari tomonidan amalga oshirilayotgan ishlarni monitoring qilish, baholash va aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etishda faollik ko‘rsatadi.