O‘zgidromet sinoptiklari 27 aprel kuni Buxoro viloyatida sodir bo‘lgan tabiat hodisasi yuzasidan izoh berdi. Dushanba kuni kechqurun O‘zbekistonning Turkmaniston hududi bilan tutash janubi-g‘arbiy tumanlarida kuchli shamol kuzatildi.

O‘zbekiston meteorologik stansiyalari ma’lumotlariga ko‘ra bu tumanlarda shamolning tezligi sekundiga 22−25 metrgacha yetdi, Qorako‘l tumanida (Buxoro viloyatining janubi) shamolning shiddati sekundiga 30 metr, Navoiy tumanida 35 metrni tashkil qildi.

Ushbu tabiiy ofatga xorijiy janub hududi ustida shakllangan siklon sabab bo‘ldi. 27 aprel kechqurun sovuq siklon fronti O‘zbekistonning Turkmanistonga tutash janubi-g‘arbiy tumanlaridan o‘tdi.

Atmosfera fronti zonasida ikkita — kunduzi 34−37 darajagacha qizigan issiq va sovuq siklon fronti ortidagi salqin havo oqimlari to‘qnashdi, bu holat havoning yuqoriga kuchli harakatlanishi uchun barcha sharoitlarni yaratdi hamda momaqaldiroq va shiddatli shamolning rivojlanishiga olib keldi.

O‘zgidromet sinoptiklari 27−29 aprel kunlari O‘zbekiston hududi bo‘ylab ob-havoning nobarqaror bo‘lishini kutgan edilar — ob-havo ma’lumotlarida shamolning tezligi sekundiga 15−20 metrgacha kuchayishi va vaqti-vaqti bilan momaqaldiroqli yomg‘ir yog‘ishi ko‘rsatildi. Xususan, Buxoro va Navoiy viloyatlarida bu hodisalar 27 aprel kuni kechqurun va 28 aprel kuni kechasi kutilgan edi.

O‘zbekiston hududining katta qismida shamolning kuzatilgan tezligi 15−20 m/s atrofida bo‘ldi. Biroq, Buxoro va Navoiy viloyatining ayrim tumanlarida shamolning tezligi prognoz qilingan qiymatlardan yuqori bo‘ldi.

Shamol shunday ekstremal tezlikka erishishini oldindan prognoz qilish mumkinmidi?

“Afsuski, barcha ob-havo hodisalarini, shu jumladan xavfli hodisalarni oldindan bilish qiyin. Bir joyning o‘zida yuzaga keladigan kichik hududlarni qamrab olib juda tez rivojlanadigan lokal (mahalliy) hodisalarni prognozlash juda murakkab hisoblanadi. Har xolda turli jahon ob-havo markazlarining hisob-kitoblariga ko‘ra ham 27−28 aprel kunlari shamolning tezligi sekundiga 20 metrdan yuqori bo‘lishi kutilmagan edi”.

O‘zgidromet hisob-kitoblarning bunday natijasi pandemiya davrida yuzaga kelgan ma’lumotlar yetishmasligi sababli bo‘lishi mumkinligini ham taxmin qildi, chunki bugun dunyoda kuzatilayotgan pandemiya davrida meteorologik ma’lumotlar hajmi bir necha marta kamaydi.

Buxoro va Navoiy viloyatlarida shamol kuchining sekundiga 30−35 metrgacha yetishi, albatta, juda kam uchraydigan hodisa. Lekin bu anomal holat degani emas. Xususan, 2019 yilda Navoiyda shamol tezligining 35 m/s ga yetganligi ikki marta qayd etilgan. Qorako‘l meteostansiyasida 1981 yil may oyida shamolning tezligi 40 m/s bo‘lgani qayd etilgan.

“Yana shuni ham e’tiborga olish kerakki, shiddatli shamollar meteostansiyalar yo‘q bo‘lgan rayonlarda yuzaga kelgan holatlar ham kuzatiladi, bunday holatda ular shuning uchun meteokuzatuvlar tarixida qayd etilmaydi”, — deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, kuchli shamol Buxoro viloyatiga katta zarar yetkazdi — 5293 ta bino, 415 ta transport vositasi va 42,4 ming daraxt shikastlandi. Gaz va elektr ta’minoti tizimida 295 avariya qayd etildi. Bir kishi vafot etdi, 41 kishi turli darajadagi tan jarohatlari oldi.