30 aprel soat 10:00 holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 2017 nafarni tashkil qilmoqda. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar qildi.

Bosh davlat sanitariya inspektori Nurmat Otabekov so‘zlariga ko‘ra, hozirda Toshkentdagi uchta tibbiyot muassasasida 239 kishi davolanmoqda, ulardan 40 nafarida klinik pnevmoniya belgilari mavjud, 7 nafarining ahvoli og‘ir, 1 nafarining ahvoli o‘ta og‘ir .

Xususan, Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti klinikasida 71 bemor davolanmoqda, 13 nafarida pnevmoniya klinik belgilari kuzatilyapti, 2 nafarining ahvoli og‘ir, 1 nafarining ahvoli o‘ta og‘ir.

Epidemiologiya-mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy tekshirish institutida davolanayotgan 79 bemordan 2 nafarining ahvoli og‘ir.

Toshkent tibbiyot akademiyasi ko‘p tarmoqli klinikasida davolanayotgan 89 bemordan 27 nafarida pnevmoniya klinik belgilari kuzatilyapti, 3 nafarining ahvoli og‘ir, deb baholanyapti dedi Nurmat Otabekov.

Koronavirus infeksiyasidan sog‘ayganlar soni hozirda 1096 kishini tashkil etmoqda. To‘qqiz kishi hayotdan ko‘z yumgan.

Ma’lumot uchun, AQSHdagi Jons Xopkins universitetining so‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, hozirda dunyo bo‘ylab 3,19 milliondan ziyod odamlarda koronavirus infeksiyasi aniqlangan. Bundan 972 741 nafari infeksiyadan sog‘aygan, 227 659 nafar bemor vafot etgan.