O‘zbekistonda bir kun davomida 37 nafar bemor tuzalib, mamlakat bo‘ylab koronavirus infeksiyasidan butunlay sog‘ayganlar 1133 nafarni tashkil etmoqda. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabar qildi.

Jumladan, Samarqand viloyatida 3 nafar, Surxondaryo viloyatida 2 nafar, Andijon viloyatida 18 nafar, Toshkentdagi Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti klinikasidan 5 nafar, Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy-tekshirish instituti klinikasidan esa 2 nafar bemor butkul sog‘aydi

Samarqandda sog‘ayganlarning 1 nafari 39 yoshli erkak, qolgan 2 nafari esa 39 yoshli va 18 yoshli ayollar bo‘lib, barchasi ushbu viloyatdan. Ular koronavirus infeksiyasiga chalinganlar bilan muloqotda bo‘lib, kasallikni yuqtirib olgan.

Surxondaryoda tuzalib chiqqanlar 31 yoshli va 30 yoshli erkaklar bo‘lib, ikkisi ham Qashqadaryo viloyatidan. Joriy yil 27 mart kuni Moskva-Termiz yo‘nalishida charter reysda kelgan va karantinga olingan. Kasallik aniqlangach, shifoxonaga yotqizilgan.

Andijon viloyatida sog‘ayganlarning 5 nafari erkak, 13 nafari ayollar bo‘lib, barchasi Andijon viloyatidan. Ular koronavirus infeksiyasiga chalinganlar bilan muloqotda bo‘lib, kasallikni yuqtirib olgan. 84 yoshli onaxon va 2 yoshli bola ham bor. Samarali davolash muolajalaridan keyin so‘nggi tekshiruv natijalari ularda infeksiya yo‘qligini ko‘rsatdi.

Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti klinikasida tuzalganlarning 1 nafari erkak, 2 nafari ayol va bir nafar chaqaloq bo‘lib, barchasi Toshkent shahridan. Ular koronavirus infeksiyasiga chalinganlar bilan muloqot orqali kasallikni yuqtirib olgan. Bemorlar orasida eng yoshi kattasi 57 yoshda bo‘lsa, eng yoshi kichigi 2020 yil tug‘ilgan.

Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy-tekshirish instituti klinikasida tuzalganlarning 1 nafari (ayol) 37 yoshda bo‘lib, Navoiy viloyatidan. U Moskva-Toshkent yo‘nalishada charter reysi bilan kelgan va karantinga olingan. Yana 1 nafari (ayol) 23 yoshda bo‘lib, Toshkent shahridan. U koronavirus infeksiyasiga chalinganlar bilan muloqot orqali kasallikni yuqtirib olgan.

Ta’kidlash joizki, Toshkent shahrida shu paytga qadar 357 nafar bemor sog‘aygan bo‘lsa, endilikda ular 364 nafarga yetdi.