“O‘zbekiston Respublikasida yuridik ta’lim va fanni tubdan takomilashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” prezident farmoni qabul qilindi, deya xabar berdi Adliya vazirligi matbuot xizmati.

Farmonga muvofiq, Toshkent davlat yuridik universiteti “yurisprudensiya” mutaxassisligi bo‘yicha yuridik kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash bo‘yicha bazaviy oliy ta’lim va ilmiy-metodik muassasa etib belgilandi.

Shuningdek, Samarqand, Namangan va Termiz davlat universitetlarida yuridik fakultetlar tashkil etiladi va “yurisprudensiya” yo‘nalishi bo‘yicha belgilangan tartibda shakllantiriladigan va tasdiqlanadigan kvotalar bo‘yicha qabul, shu jumladan tabaqalashtirilgan to‘lov kontrakt asosida qo‘shimcha qabul amalga oshiriladi.

Farmonga ko‘ra, davlat, huquq va siyosiy-huquqiy fikr sohasida fundamental va amaliy tadqiqotlarni amalga oshiradigan Fanlar akademiyasining Davlat va huquq instituti tashkil etiladi.

Farmon bilan yuridik ta’lim va fanni yanada rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari belgilandi.

Zamonaviy talablar, ilg‘or xalqaro yuridik tajriba va mehnat bozori ehtiyojlari asosida yuqori malakali, ijodiy fikrlaydigan, halol kadrlar tayyorlashni ta’minlash ushbu ustuvor yo‘nalishlardan biridir.

Shuningdek, yuridik kadrlarni tayyorlashga buyurtma shakllantirish tartibi joriy etiladi.

Unga muvofiq, TDYUU, yuridik fakultetlar va yuridik texnikumlarga qabul parametrlari, joriy va istiqboldagi yuridik kadrlarga bo‘lgan ehtiyojni hisobga olib, har bir hudud, iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy soha kesimida tahlil qilish asosida, yuridik kadrlarga bo‘lgan ehtiyojni prognozlashtirish elektron platformasini yaratgan holda shakllantiriladi.

Bundan tashqari, hujjatga ko‘ra, TDYUUda Xalqaro huquq va qiyosiy huquqshunoslik fakulteti (Fakultet) tashkil etiladi.

Fakultetning asosiy vazifalaridan biri xalqaro xususiy huquq, shuningdek milliy va yapon, nemis huquqi hamda boshqa rivojlangan xorijiy davlatlar huquq tizimlarini qiyosiy tadqiq qilish asosida yuqori malakali yuridik kadrlar tayyorlashdan iborat.

Fakultetning asosiy hamkorlari sifatida Yaponiya tomonidan — Nagoya universiteti, Germaniya Federativ Respublikasi tomonidan — Regensburg universiteti belgilanadi.

Xorijiy huquqni o‘rganish markazlari fakultet tarkibida faoliyat yuritadi.

Fakultet negizida xorijiy ta’lim muassasalari va xalqaro tashkilotlar bilan huquq sohasida qo‘shma tadqiqot, o‘quv-ta'lim va boshqa loyihalarni tashkil etish bo‘yicha maydon yaratiladi.

Fakultetdagi o‘quv jarayonga xorijiy oliy ta’lim muassasalarining professor-o‘qituvchilari tarkibi faol jalb etiladi.