Uzbekistan Airways xalqaro va mahalliy aviaqatnovlar uchun yo‘lovchilar chiptasini sotishni 30 iyunga qadar to‘xtatdi. Ushbu muddat Respublika maxsus komissiyasi qarori bilan o‘zgartirilish ham mumkin. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati «Gazeta.uz»ga ma’lum qilgan.

Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, pandemiya sababli 30 iyunga qadar ishlatilmagan aviachiptalar pul mablag‘lari hech qanday jarima yoki to‘lovlarsiz qoplanadi (ishlatilmagan marshrutlar bo‘yicha YR to‘lovi ham qaytarib beriladi).

Aviachipta egalari bir marotaba chipta muddati tugamaydigan vaqtgacha uchish sanasini bepul tarzda ko‘chirishlari mumkin bo‘ladi. Bron qilish qo‘shimcha to‘lovlarsiz mavjud klasslarga amalga oshiriladi.

Marshrutlarni o‘zgartirishga quyidagi holatlarda ruxsat beriladi:

  • tarif va to‘lovlar rasmiylashtirilgan aviachiptadan farq qilgan taqdirda, amaldagi tarif va to‘lovlar bo‘yicha hisob-kitob qilingan holda;
  • yangi marshrutlar bo‘yicha bron qilish mavjud klasslarga va aviachipta narxining tafovutini qaytarish sharti bilan amalga oshiriladi;
  • uchib kelish va uchib ketish punktlarining navbatini o‘zgartirish uchun, yo‘lovchilar uchun to‘lovlar oshgan vaziyatda, aviachiptani qaytadan rasmiylashtirish kerak bo‘ladi.

Aviachiptalar qayta rasmiylashtirilganda, yo‘lovchilardan valyuta kurslari bo‘yicha tafovut talab qilinmaydi.

Kompaniya matbuot xizmatining aniqlik kiritishiga ko‘ra, 30 iyundan keyinga sanalarga aviachipta sotib olish mumkin — karantin choralari uzaytirilganda, pul mablag‘lari aviachipta egalariga qaytariladi.

«O‘zbekiston pochtasi» 20 apreldan boshlab aviapochta yuborish xizmatini qisman tiklagan edi. Bundan tashqari yuk tashuvchi aviaqatnovlar ham davom etmoqda.

Charter reyslari bo‘yicha qaror respublika maxsus komissiyasi tomonidan qabul qilinadi, deya ta’kidlagan kompaniya vakili.