Ichki ishlar vazirligi matbuot kotibi Shohrux G‘iyosov 29 aprel kuni AOKA shtabida bo‘lib o‘tgan brifingda bir qator savollarga javob berdi.

Xususan, Respublika maxsus komissiyasining qarori bilan hunarmandchilik, avtomobillarga ehtiyot qismlar sotish faoliyatlari bilan shug‘ullanadigan tadbirkorlik sub’ektlariga faoliyatini davom ettirishga ruxsat berilgan.

Shu bois, mazkur faoliyatlarni yuritayotgan tadbirkorlar shaxsiy transport vositansini xaydash ruxsatnoma olish uchun hududiy hokimiyatga murojaat qilishlari kerak va ular, o‘z o‘rnida, tadbirkorning faoliyatinni o‘rganib chiqadi va tegishli tartibda ruxsat beradi, deya ta’kidladi IIV matbuot kotibi.

Shuningdek, brifingda poytaxtda yashab turib, Toshkent viloyatida davlat ishida ishlaydigan va ishxonadan mashina xaydash uchun maxsus ruxsatnoma berilgan bo‘lsa blokpost o‘tishda muammo bo‘lmaydimi, degan savol yangradi.

«Ish joyingizga o‘zingizning shaxsiy transport vositangizda borib-kelishingiz uchun hududiy hokimlikning maxsus ruxsatnomasi mavjud bo‘lsa, yashash manzilingizdan, ya’ni Toshkent shahridan qatnashingiz mumkin. Bunda respublika maxsus komissiyasining talablariga muvofiq yoningizda mexnat daftarchasi nushasini hamda ish joyidan berilgan tegishli ma’lumotnomani olib yurishi lozim», — deya Shohrux G‘iyosov savolga javob berdi.

Bundan tashqari, IIV matbuot kotibi Respublika maxsus komissiyasining qaroriga muvofiq faoliyat yuritayotgan korxonalar va chakana savdo do‘konlarining ro‘yxati sezilarli darajada kengayib borayotgani sababli endilikda zarurat tug‘ilganda karantin tadbirlariga qat’iy rioya qilgan holda fuqarolar mazkur do‘konlarga ham tashrif buyurishlari mumkinligini ma’lum qildi.

«Xozirda mening otam extiyot chorasi sifatida xibsda ushlab turilibdi, sud ishlari karantin tufayli to‘xtatilgan deyishmoqda. Agar, karantin muddati yana surilsa, dadamni xibsda ushlab turish davom etaveradimi», savoliga Shohrux G‘iyosov quyidagicha javob berdi:

«O‘zbekiston Respublikasi JPKning 243-moddasi 1-qismiga ko‘ra, qamoqqa olish tarzidagi extiyot chorasi faqat ushlab turilgan gumon qilinuvchiga yoki ayblanuvchi tariqasida ishda ishtirok etishga jalb etilgan shaxsga nisbatan qo‘llaniladi. Qamoqda saqlab turishning muddati ko‘pi bilan uch oyni tashkil qiladi. (JPKning 245-moddasi). Mazkur muddatni tegishli tartibda besh oy va yetti oygacha uzaytirish mumkin. Qonun hujjatlarida jinoyat ishlarini karantinli va inson uchun xavfli bo‘lgan boshqa yuqumli kasalliklar tarqalishi munosabati bilan to‘xtatish nazarda tutilmagan. Dastlabki tergov yoki surishtiruv tugatilganidan so‘ng jinoyat ishi tegishli tartibda sud organlariga yuboriladi. Sud organlari tomonidan shaxsga jazo muddatini tayinlashda, extiyot chorasi sifatida qamoqqa olingan davri albatta hisobga kiritiladi. Shaxsning aybdorligini yoki aybsizligini faqatgina sud hal etadi».

Bugungi kunda avtotransport haydovilarini tayyorlash va qayta tayyorlash bo‘yicha masofaviy o‘qitish bo‘yicha normativ-huquqiy hujjatlar mavjud emasligi sababli karantin paytida avtomaktablarda onlayn dars olib borish joriy qilinmasligini ta’kidladi.

Shu bilan birga, zarurat tug‘ilganda o‘qitish konsepsiyasiga asoslangan holda masofaviy ta’limning o‘quv jarayonini ta’minlovchi o‘qitish metodi va uslublar majmuasi shakllantirilsa, Ichki ishlar vazirligi tomonidan masofaviy ta’limni joriy etish masalasi bo‘yicha batafsil ma’lumot berilishi bildirildi.