O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 29 aprel kuni pandemiya davrida aholini asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari bilan kafolatli ta’minlash va narx-navo barqarorligini saqlash masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazdi, deya xabar berdi davlat rahbari matbuot xizmati.

Pishib yetilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari nobud bo‘lishining oldini olish maqsadida aholi talablaridan kelib chiqib, fermer va dehqonlari tomonidan yetishtirilgan meva-sabzavot, poliz va ko‘kat mahsulotlarini joylarga yetkazish va sotish uchun viloyatlararo va shaharlararo qatnovlarni amalga oshirishga ruxsat berish lozimligi ta’kidlandi.

Ichki ishlar vazirligi dehqon va fermer xo‘jaliklarining avtotransport vositalarini hududlararo postlarda kutib olish, ularni tashkil etilgan yarmarkalar va savdo nuqtalariga tartib bilan kuzatib borishni ta’minlaydi.

Davlat soliq qo‘mitasi, Bosh prokuratura, Ichki ishlar vazirligiga sotish uchun olib kelinayotgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini joylarda aholi talab va ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda, savdo maydonchalari, yarmarka va bozorlarga yo‘naltirib borish topshirildi.

«Albatta, vaziyatimiz yaxshilanib, ijobiy tomonga o‘zgarib borishi bilan, 10 maydan keyin biz karantin rejimini bosqichma-bosqich yumshatishga qaratilgan ishlarimizni yanada dadilroq davom ettiramiz», — dedi davlat rahbari.

Prezident so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston pandemiyaga qarshi kurash borasida o‘tgan vaqt mobaynida muhim tajriba orttirdi. Endi undan yuqumli kasalliklarning oldini olish va ularga qarshi kurashish, sanitariya-gigiyena qoidalariga qat’iy amal qilish hamda tibbiy madaniyatni oshirish yo‘lida samarali foydalanishimiz zarur, dedi u.