28 aprel soat 10:00 holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 1924 nafarni tashkil qilmoqda. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar qildi.

Bosh davlat sanitariya inspektori Nurmat Otabekov so‘zlariga ko‘ra, hozirda Toshkentdagi uchta tibbiyot muassasasida 314 kishi davolanmoqda, ulardan 55 nafarida klinik pnevmoniya belgilari mavjud, 10 nafarining ahvoli og‘ir, 2 nafarining ahvoli o‘ta og‘ir .

Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti klinikasida 117 bemor davolanmoqda, 29 nafarida pnevmoniya klinik belgilari kuzatilyapti, 3 nafarining ahvoli og‘ir, 1 nafarining ahvoli o‘ta og‘ir.

Epidemiologiya-mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy tekshirish institutida davolanayotgan 67 bemordan 2 nafarining ahvoli og‘ir.

Toshkent tibbiyot akademiyasi ko‘p tarmoqli klinikasida davolanayotgan 130 bemordan 26 nafarida pnevmoniya klinik belgilari kuzatilyapti, 5 nafarining ahvoli og‘ir, 1 nafarining ahvoli o‘ta og‘ir, deb baholanyapti.

Hozirgi vaqtga kelib, Respublikadagi mavjud virusologik laboratoriyalarda o‘tgan kunning o‘zida 10 mingga yaqin, shu vaqtgacha 250 mingtadan ortiq test sinovlari o‘tkazildi.

Shuningdek, ayni paytda 85 ming fuqaro karantin muddatini statsionar va uy sharoitida o‘tayapti, dedi Nurmat Otabekov.

Koronavirus infeksiyasidan sog‘ayganlar soni hozirda 892 kishini tashkil etmoqda. Sakkiz kishi hayotdan ko‘z yumgan.

Ma’lumot uchun, AQSHdagi Jons Xopkins universitetining so‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, hozirda dunyo bo‘ylab 3,04 milliondan ziyod odamlarda koronavirus infeksiyasi aniqlangan. Bundan 894 062 nafari infeksiyadan sog‘aygan, 211 159 nafar bemor vafot etgan.