«Koronavirus pandemiyasi davrida aholi va tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi prezident farmoni qabul qilindi, deya xabar berdi Davlat soliq qo‘mitasi.

Qabul qilingan hujjatga muvofiq, tadbirkorlik sub’ektlariga imtiyozlar va preferensiyalar berildi.O‘zbekiston Davlat byudjetidan moliyalashtiriladigan tashkilotlar xodimlariga ish haqi, shuningdek, pensiyalar, stipendiyalar va nafaqalar uzluksiz to‘lanishi ta’minlanadi.

2020 yilda jismoniy shaxslarning daromad solig‘iga tortilmaydigan, xodimlarga to‘lanadigan moddiy yordam miqdori mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining 4,22 baravaridan 7,5 baravarigacha oshiriladi.

1 apreldan 1 oktyabrgacha O‘zbekiston «Mahalla» xayriya jamoat fondi, «Saxovat va ko‘mak» jamg‘armasi, «O‘zbekiston Mehr-shavqat va salomatlik» jamoat fondiga, shuningdek, mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan shakllantiriladigan ijtimoiy yordamga muhtojlar ro‘yxatiga kiritilgan jismoniy shaxslarga beg‘araz berilgan pul mablag‘lari, tovarlar va xizmatlar:

  • daromad solig‘ini hisoblashda ushlab qolinadigan xarajatlar sifatida qaraladi;
  • QQSdan ozod etiladi;
  • aylanmadan olinadigan soliqqa tortish ob’ektiga kiritilmaydi.

Ijtimoiy yordamga muhtojlar ro‘yxatiga kiritilganlar O‘zbekiston «Mahalla» xayriya jamoat fondi, «Saxovat va ko‘mak» jamg‘armasi, «O‘zbekiston Mehr-shavqat va salomatlik» jamoat fondi, yuridik va jismoniy shaxslardan beg‘araz yordam olganda jismoniy shaxslarning daromadi sifatida qaralmaydi.

Jismoniy shaxslar koronavirus pandemiyasi davrida faoliyatini to‘xtatgan tadbirkorlik sub’ektlariga bergan noturar-joy binolari, jismoniy shaxslarga bergan turar-joy ob’ektlarini ijaraga berishdan olinadigan jismoniy shaxslarning daromad solig‘i to‘lovlarini foizsiz kechiktirish huquqiga ega bo‘ldi.

Bunda, jismoniy shaxslarning kechiktirilgan daromad solig‘i summasi 2021 yil 1 aprelgacha teng ulushlarda to‘lanadi.