O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 27 aprel kuni “Koronavirus pandemiyasi davrida aholi va tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi farmonni imzoladi.

“O‘zbekiston 24” telekanalining xabar qilishicha, 16,5 ming nafar pensionerlar 20 mlrd so‘m miqdorida ortiqcha to‘langan pensiyadan qarzdorlikka ega. Prezident farmoni bilan pensiyalar to‘g‘ri tayinlanishi hamda to‘lanishi bo‘yicha tekshirishlar natijasida aniqlangan, ortiqcha to‘langan pensiyalar bo‘yicha 20 aprel holatiga pensionerlarning qarzdorlik summasi hisobdan chiqarilmoqda.

Qayd etilishicha, O‘zbekistonda 155 ming nafar ishladigan pensionerlar pensiyalarini ish joyidan olmoqda. Ularga har oyda qo‘shimcha 195 mlrd so‘m to‘lanmoqda. Hujjatda belgilanganidek, 1 maydan boshlab barcha ishlovchi pensionerlarga (Davlat byudjeti hisobidan pensiya oluvchi shaxslardan tashqari) pensiyalar to‘lovi to‘g‘ridan-to‘g‘ri Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi orqali amalga oshiriladi.

“Avvallari ishlaydigan pensionerlar pensiyalarini bir oy keyin olardi, ya’ni aprel oyi pensiyasini ular may oyida olishlari kerak edi. Hujjatda to‘lovlarning maydan boshlab to‘g‘ridan-to‘g‘ri Pensiya jamg‘armasidan olishlari ko‘zda tutilmoqda va o‘z-o‘zidan may oyida ikki oy uchun — ham aprel, ham may oyi uchun pensiya olishadi”, — deya aniqlik kiritdi moliya vaziri o‘rinbosari Dilshod Sultonov.

Prezidentning 3 apreldagi farmoni bilan pandemiya oqibatlari faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatgan mikrofirmalar, kichik korxonalar va yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun soliqlarni to‘lash bo‘yicha foizsiz kechiktirib (bo‘lib-bo‘lib to‘lash) berish muddati 1 oktyabrgacha kechiktirilgan edi. Yangi farmon bilan mazkur muddat 31 dekabrgacha uzaytiriladi.

Mahalliy davlat hokimiyati organlariga kechiktirish (bo‘lib bo‘lib to‘lash) berilgan va kelgusida to‘lanadigan soliq summalarini to‘lash bo‘yicha muddatni mustaqil ravishda, biroq ikki yildan oshirmasdan belgilash huquqi berildi.

Bundan tashqari, lizing korxonalari tomonidan hisoblangan va kechiktirilgan lizing bo‘yicha foiz daromadlari summasi foyda solig‘ini hisoblashda kechiktirish berilgan davrdagi jami daromad tarkibiga kiritilmaydi.

Tijorat banklarining kreditlari bo‘yicha foiz xarajatlarini Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash Davlat jamg‘armasi tomonidan kompensatsiya qilish tartibi tadbirkorlik sub’ektlarining amaldagi kredit shartnomalariga ham tatbiq qilinadi.

Avvalroq prezident xayriya mablag‘lari uchun imtiyozlarni tasdiqlanganini xabar qilgan edik.