O‘zbekiston Respublikasining “Startaplar to‘g‘risidagi” qonuni loyihasi jamoat muhokamasi uchun e’lon qilindi.

Qonun startap, startap-ekotizim, startap akselerator va ko‘mak dasturlariga izoh beradi. Unga ko‘ra, стартап — innovatsion tarkibiy qismlarga ega bo‘lgan va yuqori tavakkalchilikka asoslangan, o‘ziga xos investitsiyalarni talab qiladigan kengaytiriladigan biznes modelini izlash va amalga oshirish uchun mo‘ljallangan vaqtinchalik tuzilma hisobalandi.

Bundan tashqari, qonun bilan startaplarni tashkil etishning asosiy prinsiplari belgilanadi. Bularga: startaplarni amalga oshirish uchun yo‘nalishni, manbalarni va shartlarni tanlash erkinligi; startaplarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash dasturlaridan teng foydalanishni ta’minlash; ekologik, ilmiy, axloqiy me’yorlarga rioya qilish; inson hayoti va sog‘lig‘iga, atrof-muhitga zarar yetkazmaslik kabi prinsiplar kiradi.

Startap-ekotizimni tashkil etish va rivojlantirish bo‘yicha davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari

Startap-ekotizimni tashkil etish va rivojlantirishni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning asosiy yo‘nalishlari etib quyidagilar belgilanishi kutilmoqda:

  • startap-ekotizimni rivojlantirish uchun qulay ijtimoiy va iqtisodiy sharoitlarni yaratish;
  • ustuvor yo‘nalishlarni aniqlash va startap-ekotizimni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish;
  • startaplarni rivojlantirish va korxonalarni rag‘batlantirish bo‘yicha davlat dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirish;
  • startap-ekotizim ishtirokchilarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish;
  • venchur kapital sohasini rivojlantirishga ko‘maklashish va venchur kapital tashkilotlarini startaplarga investitsiya kiritishga rag‘batlantirish;
  • startap-ekotizimni rivojlantirish bo‘yicha xalqaro hamkorlikni amalga oshirish.

Startap-ekotizimini tashkil etish, startaplarni ro‘yxatga olish, monitoring qilish va rivojlantirish, shuningdek biznes-inkubatorlar va boshlang‘ich akseleratorlarni sertifikatlash bo‘yicha vakolatli davlat organi O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi hisoblanadi.

Startaplar uchun ko‘mak dasturi

Startaplar ko‘mak dasturida ixtiyoriy ravishda qatnashadilar. Ko‘mak dasturi bo‘yicha startaplar quyidagi imtiyozlardan foydalanishlari mumkin:

  • startap xodimlari jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘idan ozod qilinadilar;
  • startapning ustav kapitalidagi ulushi tashqi investorga sotilganida (cash-out), jismoniy shaxslar sifatidagi startap ishtirokchilarining daromadlariga soliq solinmaydi;
  • kompaniya yer solig‘i, foyda solig‘i, yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq, obodonlashtirish va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish solig‘i, yagona soliq to‘lovi, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Respublika yo‘l jamg‘armasiga va O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Byudjetdan tashqari umumta’lim va tibbiyot muassasalarining moddiy-texnik bazasini rivojlantirish jamg‘armasiga majburiy to‘lovlardan ozod etiladi;
  • kompaniya o‘rnatilgan tartibda tasdiqlanadigan ro‘yxatga muvofiq, loyihani amalga oshirish doirasida o‘z ehtiyoji uchun chetdan olib kelinadigan, O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan asbob-uskuna, xomashyo, materiallar, reaktivlar, butlovchi buyumlar hamda qurilish materiallari uchun bojxona to‘lovlaridan (bojxona yig‘imlaridan tashqari) ozod etiladi;
  • intellektual mulk kafolati evaziga kredit olish imkoniyati;
  • “defolt” holatida startaplar yuridik shaxs faoliyatini yengillashtirilgan shaklda to‘xtatish huquqiga egadirlar.

Ko‘mak dasturi talablari

Ko‘mak dasturida qatnashish uchun startaplar quyidagi talablarga javob berishlari kerak:

  • O‘zbekistonda kamida 1 yil oldin va 5 yildan ko‘p bo‘lmagan muddatda ro‘yxatdan o‘tgan yuridik shaxslar bo‘lishi;
  • moliyaviy hisobot natijalariga ko‘ra yillik pul aylanmasi bazaviy hisoblash miqdorining 500 baravaridan kam bo‘lishi;
  • asosan yoki faqat texnologik tarkibiy qismga ega xizmatlarni va/yoki mahsulotlarni ishlab chiqarish va tijoratlashtirish bilan shug‘ullanishi;
  • ishlab chiqilayotgan mahsulot / xizmat tijoratlashtirishda potensial yuqori qo‘shimcha qiymatga, daromadlilikka (tannarx va narx orasidagi) ega bo‘lishi;
  • yillik moliyaviy hisobotga ko‘ra tadqiqot va ishlanmalar uchun sarflangan xarajatlar umumiy xarajatlarning 15 foizidan kam bo‘lmasligi.

Ko‘mak dasturidan foydalanishda cheklovlar ham mavjud. Agar jamoada bir vaqtning o‘zida direktorlar kengashi a’zosi yoki boshqa kompaniyaning direktori, davlat yoki mahalliy boshqaruv idorasi xodimi kabi xodim/xodimlar ishlasa, startap ko‘mak dasturida qatnashish huquqiga ega emas.

Ko‘mak dasturi davri vakolatli davlat organi tomonidan yordam dasturini taqdim etish to‘g‘risida qaror qabul qilingan kundan boshlab 1 yildan 3 yilgacha berilishi mumkin.

Bundan tashqari startaplarni moliyalashtirish va ularni moliyalashtirishda chet el venchur kapitalini jalb qilish uchun qo‘shimcha chora-tadbirlar doirasida Startap viza dasturi (Startup Visa) ham ishga tushirilishi rejalashtirilgan.

Startap viza — O‘zbekiston Respublikasida o‘z biznesini birinchi marotaba, ikki yil muddatga boshlagan, yuqori salohiyatga ega xorijiy ishbilarmonlarga, shuningdek chet el startaplari va jalb qilingan mentorlarga O‘zbekiston Respublikasi startaplari o‘rtasida tegishli kelishuv muddati davomida ish (biznes) vizasi uchun mo‘ljallangan vizalar turidir.

Vizalar chet ellik mutaxassislarning iltimosiga binoan ularning oila a’zolariga ham (turmush o‘rtoqlari / sheriklari va 18 yoshgacha bo‘lgan bolalar) arizada ko‘rsatilgan muddatga, amaldagi shartnomaning amal qilish muddati davomida berilishi mumkin.

Qonun loyihasida chet ellik ishbilarmonlarga, shuningdek ularning oila a’zolariga innovatsion mahsulotni yaratish yoki rivojlantirish uchun 5 yil muddatga O‘zbekiston Respublikasida yashash uchun ruxsat berilishi ko‘zda tutilgan.

Qonun loyihasining muhokamasi 12 mayga qadar davom etadi.