Buxoro viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida 15 nafar bemor to‘liq sog‘aydi. Bu haqda sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati xabar berdi.

Bemorlar viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi mas’ullari ishtirokida reabilitatsiyaga kuzatildi.

Shifo topganlarning barchasi Rossiyadan charter reys bilan Buxoroga olib kelingan va karantinga olingan. Koronavirus infeksiyasi tasdiqlangach, shifoxonaga joylashtirilgan. Ulardan 13 nafari erkak, 2 nafari ayol.

Bemorlarning 7 nafari Toshkent shahridan, Andijon va Qashqadaryo viloyatlaridan 2 nafardan, Toshkent, Farg‘ona, Sirdaryo va Samarqand viloyatlaridan 1 nafardan. Ular orasida eng yoshi kattasi 54 yoshda bo‘lsa, eng yoshi kichigi 16 yosh.

Buxoro viloyati bo‘yicha shu paytga qadar 265 nafar bemor sog‘aygan bo‘lsa, endilikda ular 280 nafarga yetdi. O‘zbekiston bo‘yicha koronavirus infeksiyasidan sog‘ayganlar soni 804 nafarni tashkil etmoqda.