Vaqtinchalik karantinda saqlashga moslashtirilgan majmuani boshqarish bo‘yicha maxsus markaz tashkil etiladi. Bu haqda tegishli hukumat qarori qabul qilindi.

Qarorga muvofiq, Toshkent shahar hokimligi huzurida Koronavirus infeksiyasini yuqtirganlikda gumon qilingan shaxslarni vaqtinchalik karantinda saqlashga moslashtirilgan majmuani boshqarish bo‘yicha maxsus markaz tashkil etiladi.

Karantin markazining asosiy vazifalaridan biri koronavirus infeksiyasini yuqtirganlikda gumon qilingan shaxslarni qabul qilish, saqlash va karantin majmuasidan chiqarishni tashkil etish hisoblanadi.

Karantin markazi Toshkent shahar hokimligining yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lgan davlat unitar korxonasi shaklidagi tarkibiy bo‘linmasi hisoblanadi. Markaz direktori Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan kelishilgan holda Toshkent shahar hokimi tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi.

Majmuaga tegishli mutaxassis, xodimlar va harbiy xizmatchilar biriktirilib, ular mehnat va xizmat faoliyatini asosiy ish joyidan ajralgan va oylik ish haqi (pul ta’minoti) saqlangan holda olib boradi.

Qaror bilan mazkur majmuada epidemiyaga qarshi chora-tadbirlarni amalga oshirish vaqtinchalik tartibi to‘g‘risida nizom tasdiqlandi. Nizomga muvofiq, chegara bojxona postlaridan o‘tayotgan yo‘lovchilar dastlab sanitariya-karantin punktlarida tibbiy-sanitariya ko‘rigidan o‘tkazilgandan so‘ng chegara va bojxona xizmatlari nazoratidan o‘tkaziladi. Shunga ko‘ra, chegaradan o‘tayotgan shaxslar ro‘yxati shakllantiriladi va elektron aloqa vositalari orqali markazga yuboriladi.

Markaz shu ro‘yxat asosida karantinga olinadigan shaxslarni joylashtirish uchun karantin majmuasida ularning soniga muvofiq tegishli xonalar ajratilishini ta’minlaydi. Nizom bilan karantin majmuasiga joylashtirish tartibi ham belgilandi.

Karantinga olingan shaxslar tashqaridan har qanday ko‘rinishdagi pochta jo‘natmalari, posilka va banderollar qabul qilishi taqiqlanadi, bundan quyidagi jo‘natmalar mustasno:

  • surunkali kasalikka chalingan karantinga oligan shaxslar uchun dori-darmon vositlari;
  • davolovchi shifokor tavsiyasiga ko‘ra maxsus parhez mahsulotlari;
  • bolalarga mo‘ljallangan oziq-ovqat mahsulotlari va zarur gigiyena mahsulotlari;
  • qo‘shimcha gigiyena vositalari, kiyim-kechaklar va adabiyotlar.

Karantin majmuasida saqlanayotgan shaxslarni nazorat qilish ichki ishlar va milliy gvardiya organlari xodimlari hamda karantin majmuasi xodimlaridan iborat tarkibda tashkil etiladigan navbatchilik guruhlari tomonidan amalga oshiriladi.