2019 yili dunyo bo‘ylab davlatlar harbiy sohaga 1,9 trln dollar sarflashgan, bu ko‘rsatgich 2018 yilga nisbatan 3,6 foizga o‘sgan. Bu haqda Stokgolm Xalqaro Tinchlik Tadqiqot Instituti (SIPRI) o‘zining yangi hisobotida ma’lum qildi.

Hisobotga ko‘ra, 2019 yildagi umumiy harbiy sohaga yo‘naltirilgan xarajatlar 2010 yildan beri eng katta yillik o‘sishni anglatadi. 2019 yilda xarajatlarning 62 foizini tashkil etgan beshta eng katta sarflovchilar AQSH, Xitoy, Hindiston, Rossiya va Saudiya Arabistoni bo‘lishgan.

«2019 yildagi dunyo bo‘ylab harbiy xarajatlar 2010 yildagiga nisbatan 7,2 foizga oshdi va so‘nggi yillarda harbiy xarajatlarning o‘sishi tendensiyasini yaqqol namoyish etdi», dedi doktor Nan Tian, SIPRI tadqiqotchisi.

Qayd etilishicha, AQSHning harbiy xarajatlari 2019 yilda 5,3 foizga o‘sib, 732 milliard dollarga yetdi va bu global harbiy xarajatlarning 38 foizini tashkil etdi. NATOga a’zo davlatlarning umumiy harbiy xarajatlari esa 1 trln dollardan ortiq mablag‘ni tashkil qildi.

2019 yilda Xitoy va Hindiston mos ravishda dunyoning ikkinchi va uchinchi eng katta harbiy sarfchilari bo‘lishdi. Osiyoning bu ikki mamlakati birinchi marotaba harbiy xarajatlarning uchtaligiga kirishidir. Xitoyning harbiy xarajatlari 261 mlrd dollarga yetdi, bu ko‘rsatkich 2018 yilga nisbatan 5,1 foizga o‘sgan. Hindistonnig harbiy sohaga xarajatlari esa 6,8 foizga o‘sib, 71.1 mlrd dollarga teng bo‘ldi.

To‘rtinchi o‘rinni egallagan Rossiya o‘zining harbiy sohaga xarajatlarini 4,5 foizga oshirib, umumiy miqdorda 65,1 mlrd dollar xarajat qilgan.

«Rossiyaning yalpi ichki mahsulotining 3,9 foizini tashkil etuvchi harbiy xarajatlar 2019 yilda Yevropada eng yuqori bo‘ldi», deya ta’kidlaga SIPRI tadqiqotchisi Aleksandra Kuimova.

Beshtalikni yakunlagan Saudiya Arabistoni Yaqin Sharq mintaqasidagi eng yirik sarflovchi bo‘ldi. Uning harbiy xarajati 2019 yilda 61,9 mlrd dollarni tashkil etdi. Bu ko‘rsatgich 2018 yilga nisbatan 16 foizga kamaygan.

«Saudiya Arabistoni Yamandagi harbiy harakatlarini davom ettirayotganligi sababli 2019 yilda harbiy xarajatlarning pasayishi kutilmagan bo‘ldi», deyiladi hisobotda.

Hisobotda Markaziy Osiyo mamlakatlaridan faqatgina Qozog‘iston haqida ma’lumot keltirilgan. Qo‘shni mamlakat o‘zining harbiy sohasiga umumiy hajmda 1,76 mlrd dollar sarflagan. O‘z o‘rnida, bu ko‘rsatgich 2018 yilga nisbatan 19 foiz o‘sish bo‘lib, dunyo harbiy xarajatlarning eng katta nisbiy o‘sishi ro‘yxatida Qozog‘iston 14 o‘rinni egallagan.

Ma’lumot uchun, harbiy xarajatlar Yevropada (5,0 foiz), Osiyo va Okeaniyada (4,8 foiz), Amerika (4,7 foiz) va Afrikada (1,5 foiz) oshgan. Ma’lumotlar mavjud bo‘lgan Yaqin Sharqdagi mamlakatlarning umumiy harbiy xarajatlari 7,5 foizga kamaygan.

Shuningdek, harbiy xarajatlarning o‘rtacha yuki Amerika mamlakatlari uchun YAIMning 1,4 foizini, Afrika uchun 1,6 foizni, Osiyo va Okeaniya va Yevropa uchun 1,7 foizni va Yaqin Sharq uchun 4.5 foizni tashkil etdi.