O‘zbekiston Adliya vazirligi davlat organlari va tashkilotlarida davlat tilida ish yuritishga doir qonunchilik talablariga rioya etmaganlik uchun ma’muriy javobgarlik kiritish to‘g‘risidagi qonun loyihasi yuzasidan izoh berdi. Loyihada davlat tili to‘g‘risidagi qonun talablarini buzgan mansabdor shaxslarni BHMning 2 dan 5 baravarigacha miqdorda jarimaga tortish taklif etilmoqda.

«Qonun loyihasi mazmuniga oid asossiz ma’lumotlar tarqatish, ayrim ijtimoiy tarmoqlar va yangiliklar saytlarida uning me’yorlarini noto‘g‘ri talqin qilishga bo‘lgan urinishlarni hisobga olgan holda vazirlik mazkur loyihaga doir xolis va asosli ma’lumotlarga jamoatchilik diqqatini qaratishni maqsadga muvofiq deb hisoblaydi», — deyiladi xabarda.

Amaldagi «Davlat tili haqida"gi Qonunning 9-moddasiga ko‘ra, davlat hokimiyati va boshqaruv organlarida ish davlat tilida yuritiladi va zaruriyatga qarab boshqa tillarga tarjima qilinishi ta’minlanadi.

Adliya vazirligi loyihada qandaydir talablar kengaytirilib, tildan foydalanishda yangi cheklovlar kiritilmayotgani, faqatgina amaldagi qonunning qoida va talablari hisobga olinganini ta’kidladi.

Bundan tashqari, qonun loyihasi davlat organlari va tashkilotlari faoliyatini qamrab olib, qonun qabul qilingan taqdirda tegishli ravishda ma’muriy javobgarlik faqatgina mazkur davlat organlari va tashkilotlarining mansabdor shaxslariga nisbatan qo‘llanilishi mumkin.

Qonun loyihasi mansabdor shaxslarning qonun talablariga rioya etishi bo‘yicha mas’uliyatini oshirish, davlat organlari va tashkilotlari ishida davlat tilidan to‘laqonli foydalanilishini ta’minlashga qaratilgan.

Yanada aniqrog‘i, vazirlikning ma’lum qilishicha, qonun loyihasi hech qanday yo‘l bilan respublika hududida istiqomat qilayotgan millat va elatlarning ona tilidan foydalanish, millatlararo muloqot va ta’lim olish tilini o‘z xohishiga qarab tanlash, o‘z tilida davlat organlari va tashkilotlariga murojaat qilishga doir konstitutsiyaviy huquqlarini poymol qilmaydi.

Adliya vazirligi OAV, blogerlar shuningdek boshqa manfaatdor shaxslarni loyihani o‘zlaricha talqin qilib, jamoatchilik fikrini noto‘g‘ri o‘zanga burishga harakat qilmasliklarini, O‘zbekiston jamoatchiligi oldidagi javobgarlikni unutmaslikka da’vat etdi.