27 aprel kuni Qozog‘iston prezidenti Qosim Jomart-Tokayev mamlakatda o‘rnatilgan favqulodda holat rejimini 11 may kuniga qadar uzaytirdi. Bu haqda mamlakat prezidenti matbuot xizmati xabar berdi.

Prezidentning ta’kidlashicha, Qozog‘istonda koronavirus infeksiyasi o‘zining cho‘qqisiga yetgani yo‘q va, shu munosabat bilan, mamlakatda 16 mart kuni o‘rnatilgan favqulodda holat rejimi rasman 11 may kuniga qadar uzaytiriladi.

«Bir vaqtning o‘zida karantin choralari olib tashlansa, biz kasallikning yangi to‘lqiniga duch kelamiz. Mazkur qaror hozirgi murakkab vaziyat bilan bog‘liq. Qarorga muvofiq, favqulodda holat 11-may kuni yakunlanadi, albatta, agar epidemiyaning yangi ommaviy tarqalishi yuzaga kelmasa. Umid qilamanki, bunday bo‘lmaydi», — dedi u.

Shu bilan birga, Qosim Jomart-Tokayev favqulodda holat rejimini ta’minlash bo‘yicha Davlat komissiyasi, birinchi navbatda, virus tarqalishi bilan bog‘liq vaziyat nazorat ostida bo‘lgan tuman va shaharlarda karantin rejimini yumshatishga tayyorligini ma’lum qilib, Davlat komissiyasiga poytaxt misolidan kelib chiqib, o‘z faoliyatini respublikaning barcha mintaqalarida boshlaydigan tashkilotlar ro‘yxatini aniqlash vazifasini berdi.

Bunda, birinchidan, barcha sanitariya me’yorlariga rioya qilishni ta’minlangan holda sanoat korxonalari, qurilish va yo‘l qurilishi kompaniyalari, transport kompaniyalari, banklar, xizmat ko‘rsatish markazlari bo‘lishi ta’kidlandi.

Shuningdek, hukumat ikkinchi oy uchun daromadlarini yo‘qotgan fuqarolarga 42 500 tenge miqdorida yordam berishini hamda ehtiyojmand oilalar oziq-ovqat paketlarini olishda davom etishini ma’lum qildi. Birinchi oyda 4 mln 250 ming kishi bunday yordamni olgan.

Mamlakat sog‘liqni saqlash vazirligiga koronavirus bo‘yicha kunlik test o‘tkazish sonini 20−25 mingtaga yetkazish vazifasi qo‘yilgan.

Bundan tashqari, vaziyatning nisbatan barqarorlashishini hisobga olgan holda, hukumat 1 maydan boshlab poytaxt va Olmaota o‘rtasida aviareyslarni ochishi haqida ma’lum bo‘ldi. Bu fuqarolar uchun ham, ko‘plab mutaxassislar, shu jumladan virusga qarshi kurashda ishlaydiganlar uchun ham zarurligi ta’kidlandi.