26 aprel kuni Koreya Respublikasining insonparvarlik yordam yuki Toshkentga yetib keldi, deya xabar berdi “Dunyo” axborot agentligi.

Xabarga ko‘ra, koronavirus infeksiyasiga qarshi kurash, shuningdek, COVID-19ning mamlakatda tarqalishining oldini olishga qaratilgan xalqaro hamkorlik doirasida O‘zbekistonning Seuldagi elchixonasi Koreya Respublikasidan insonparvarlik yordamini jalb qildi.

Umumiy og‘irligi 34 tonnaga yaqin insonparvarlik yordami O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda, Janubiy Koreyaning “Evergreen Motors”, “Hanshin E&C”, “Shindong Resources”, “BOMI E&C”, “GM Korea”, GM, “UNICO Logistics”, “Chung Hospital”, “Myung Sung Placon”, “Suwan TPL”, “Union Korea Pharm”, “Century”, “Infinity Co., Ltd.”, “LH”, “Hyundai Engineering” kabi kompaniyalari va Shinxan universiteti ko‘magida shakllantirildi, deyiladi xabarda.

Bundan tashqari, Koreya Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan ajratilgan 250 ming dollar miqdoridagi mablag‘ evaziga “PCL Inc.” kompaniyasining 20 ming dona PSR diagnostika test tizimlari xarid qilingani ma’lum qilindi.

Umummiy qiymati 900 ming dollarga yaqin 6,2 tonna og‘irlikdagi yuqori texnologik tibbiy uskunalar, avtomat mexanizmli tibbiy karavotlar va PSR diagnostika test tizimlari “Uzbekistan Airways” aviakompaniyasining maxsus samolyotida O‘zbekistonga jo‘natilgan.

Yukning qolgan 27,6 tonnadan ortiq qismi navbatdagi yuk charter reysi bilan Toshkentga yetkaziladi.

Shuningdek, ushbu reys bilan Koryo universiteti professori Yun Sing Ju ham COVID-19ga qarshi kurashda xalqaro ekspert sifatida Toshkentga keladi.