O‘zbekiston Bosh prokuraturasi Xalq deputatlari Namangan shahar Kengashi deputati Tolibjon Muhamadiyevga nisbatan hokimiyat vakiliga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini ma’lum qildi.

“Gazeta.uz” avval xabar qilganidek, IIV xabariga ko‘ra, 15 aprel kuni deputat “Qizilko‘prik” blokpostida YXHB inspektorining qonuniy talablariga bo‘ysunmasdan, avtomobilidan tushadi va unga qo‘li bilan zarba beradi. So‘ngra u inspektorning pogoni va xizmat belgisini yulib olib, yerga tashlaydi. Mazkur holat bo‘yicha IIV matbuot xizmati “Bosar-tusarini bilmay qolgan deputat” sarlavhasi bilan videolavha e’lon qildi.

Bosh prokuratura ma’lumotlariga ko‘ra, Namangan shahar prokuraturasi 16 aprel kuni Tolibjon Muhamadiyevni jinoiy javobgarlikka tortish va ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olishga rozilik berish haqida Xalq deputatlari Namangan shahar Kengashiga taqdimnoma kiritadi.

Shu kunning o‘zida mazkur taqdimnomani ko‘rib chiqqan Xalq deputatlari Namangan shahar Kengashi Tolibjon Muhamadiyevni jinoiy javobgarlikka tortishga ruxsat beradi, biroq ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olish rad etadi. Mazkur holat yuzasidan Kengashning roziligi asosida shahar prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 219-moddasi (hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko‘rsatish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Biroq 19 aprel kuni Xalq deputatlari Namangan shahar Kengashining navbatdan tashqari o‘tkazilgan sessiyasida Kengashning avvalgi qarori bekor qilinib, Tolibjon Muhamadiyevni jinoiy javobgarlikka tortish va ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olish rad etiladi.

21 aprel kuni Namangan viloyat prokurori Xalq deputatlari Namangan viloyati Kengashiga shahar Kengashining ikkinchi qarorini bekor qilish haqida taqdimnoma kiritadi.

Taqdimnoma 25 aprel kuni ko‘rib chiqildi. Shahar Kengashining 16 apreldagi qarori o‘zgarishsiz qoldirildi (Tolibjon Muhamadiyevni jinoiy javobgarlikka tortishga ruxsat berilib, ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olish rad etildi) hamda 19 apreldagi qarori bekor kilindi. Hozirda jinoyat ishi yuzasidan tergov harakatlari davom etmoqda.

IIV videolavhasi e’lon qilinganidan keyin bir guruh deputatlar ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonovga deputat bilan bog‘liq hodisa videotasvirini to‘liq holda e’lon qilishni so‘rab xat bilan murojaat qilishdi.