Praga shahar sudi o‘tgan haftaning payshanba kuni Chexiya Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan joriy etilgan pandemiya davrida mamlakatda savdo va odamlar harakatlanishiga oid cheklovlarni bekor qildi. Ushbu cheklovlar 27 apreldan to‘xtatiladi, deya xabar berdi TASS.

Sud Sog‘liqni saqlash vazirligi fuqarolar harakatlanishi va biznes yuritishga cheklovlar joriy etgan holda vakolatlarini oshirib yuborgan deb topdi.

“Gap respublikada Sog‘liqni saqlash vazirligi qarori bilan joriy etilgan to‘rtta cheklov haqida ketmoqda, qonunga binoan ular (cheklovlar) hukumat qarori bilan kiritilishi kerak edi (favqulodda vaziyatlar to‘g‘risidagi qonunga ko‘ra, hukumat qarori parlament tomonidan tasdiqlanishi lozim — tahr). Ular — Sog‘liqni saqlash vazirligining 26 va 17 apreldagi chakana savdoni taqiqlash to‘g‘risidagi hamda 23 mart va 15 apreldagi harakat erkinligini cheklovchi qarorlaridir. Mazkur qarorlar 27 apreldan o‘z kuchini yo‘qotadi. Unga qadar hukumat huquqiy davlat tamoyilini buzmaslik uchun tegishli qarorlar qabul qilgan holda vaziyatni to‘g‘rilash uchun vaqtga ega”, — dedi sudya.

Sud yashash joylaridan tashqarida to‘rt kishidan ortiq guruhlarning to‘planishiga nisbatan taqiqni Sog‘liqni saqlash vazirligi joriy etgan asosiy cheklovlardan biri sifatida qayd etib o‘tdi.

Sudga mahalliy huquqshunos Ondrjey Dostal shikoyat bilan murojaat qildi. Hukumat sud qaroriga rozilik bilrdi, biroq bosh vazir Andrey Babish sudning fuqarolar sog‘lig‘ini himoya qilishning samarali usullarini shubha ostiga olganini tushuna olmasligini ta’kidladi.

Sud qarori Chexiya prezidenti Milosh Zemanda ham tushunmovchilikni keltirib chiqardi. SSV qarorini bekor qilgan holda sud respublika fuqarolari hayoti va salomatligi hamda milliy iqtisodiyot holati uchun javobgarlikni zimmasiga olganini ta’kidladi.

Chexiyada 12 martdan buyon favqulodda holat, 16 martdan esa umummilliy karantin e’lon qilingan. Mamlakatga chet elliklarning kirishi taqiqlangan. Juma kuni fuqarolarning chet elga chiqishlariga taqiq bekor qilindi (qaytib kelganlar koronavirus sinovidan o‘tishi yoki ikki hafta davomida karantinga o‘tishi kerak), 27 apreldan boshlab 2500 kvadrat metr maydonga ega do‘konlar (oziq-ovqat do‘konlari ochiq edi), shuningdek, sport zallari, hayvonot bog‘lari va botanika bog‘lari, 11 maydan — boshqa do‘konlar va savdo markazlari, 25 maydan — restoranlar, mehmonxonalar, teatrlar va boshqalar ochiladi.

Mart oyining boshidan beri Chexiya Respublikasida 7352 ta koronavirus holati tasdiqlandi, respublikaning 218 aholisi vafot etdi, 2453 kishi sog‘aydi.