Qoraqalpog‘iston Respublikasi yuqumli kasalliklar shifoxonasida 21 nafar koronavirus infeksiyasiga chalingan bemor sog‘aydi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar berdi.

Bemorlar respublika sog‘liqni saqlash vazirligi mas’ullari ishtirokida reabilitatsiyaga kuzatildi. Sog‘ayganlarning barchasi Qoraqalpog‘istondan (15 nafari Nukus shahridan, 4 nafari Mo‘ynoq tumanidan, yana 2 nafari Qo‘ng‘irot tumanidan) bo‘lib, barchasi koronavirusga chalinganlar bilan muloqot orqali yuqtirib olishgan.

Bemorlarning 9 nafari erkak, 12 nafari ayol bo‘lib, ular orasida eng yoshi kattasi 64 yoshda bo‘lsa, eng yoshi kichigi 5 yoshda. Samarali davolash muolajalari tufayli bugungi kunda laboratoriya tekshiruvlari ularning darddan butunlay forig‘ bo‘lganini ko‘rsatdi.

27 aprel kuni 91 nafar bemor tuzalib, mamlakat bo‘ylab koronavirus infeksiyasidan butunlay sog‘ayganlar 880 nafarni tashkil etmoqda.