Poytaxdagi Toshkent tibbiyot akademiyasi ko‘p tarmoqli klinikasidan 14 nafar, Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ITI klinikasidan esa 2 nafar bemor butkul sog‘aydi, deya xabar qildi Sog‘liqni saqlash vazirligi.

TTA klinikasida sog‘ayganlarning 7 nafari Toshkent shahridan, Samarqand va Sirdaryo viloyatlaridan 2 nafardan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Navoiy va Andijon viloyatlaridan esa 1 nafardan. Ulardan 9 nafari Turkiyadan Istambul — Toshkent yo‘nalishida, 3 nafari Rossiyadan Moskva — Toshkent yo‘nalishida, 1 nafari esa Seul — Toshkent yo‘nalishida charter reyslar orqali kelishgan va karantinga olingan. Koronavirus aniqlangach, klinikaga yotqizilgan. Qolgan 1 nafari koronavirus infeksiyasiga chalinganlar bilan muloqot orqali kasallikni yuqtirib olgan. Bemorlardan 8 nafari erkak, 6 nafari ayol. Ular orasida eng yoshi kattasi 63 yoshda bo‘lsa, eng yoshi kichigi 12 yoshda. Ushbu klinikada shu paytga qadar 49 nafar bemor sog‘aygan bo‘lsa, endilikda ular 63 nafarga yetdi.

Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ITI klinikasida sog‘ayib chiqqan 53 yoshli va 38 yoshli bemorlar (ayol) Toshkent shahridan bo‘lib, koronavirus infeksiyasiga chalinganlar bilan muloqotda bo‘lib, kasallikni yuqtirib olishgan. Mazkur klinikada shu paytga qadar 75 nafar bemor sog‘aygan bo‘lsa, endilikda ular 77 nafarga yetdi.

Xorazm viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasida 33 nafar koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlar butunlay sog‘ayib, viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi mas’ullari ishtirokida reabilitatsiyaga kuzatildi.

Sog‘ayganlarning 30 nafari joriy yil 22 mart kuni Rossiyadan charter reys bilan kelishgan va karantinga olingan. Koronavirus infeksiyasi tasdiqlangach, viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasiga joylashtirilgan. Qolgan 3 nafari esa koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlar bilan muloqot orqali kasallikni yuqtirib olgan. Ulardan 29 nafari erkak, 4 nafari ayollardir. Hududlar kesimida oladigan bo‘lsak, Xorazm, Namangan va Farg‘ona viloyatlaridan 5 nafardan, Buxoro va Andijon viloyatlaridan 4 nafardan, Jizzax va Qashqadaryo viloyatlaridan 3 nafardan, Navoiy, Toshkent, Samarqand viloyatlari va Toshkent shahridan 1 nafardan. Ular orasida eng yoshi kattasi 61 yoshda bo‘lsa, eng yoshi kichigi 20 yoshda.

Xorazm viloyatidan ayni paytga qadar 61 nafar bemor butkul sog‘aygan bo‘lsa, endilikda ular 94 nafarga yetdi.

Hozirga qadar mamlakat bo‘ylab koronavirus infeksiyasidan butkul sog‘ayganlar 859 nafarga yetdi.