O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi koronavirus tashxisi qo‘yilgan 56 kishining to‘liq sog‘aygani xabar qilindi. Mamlakatda jami tuzalganlar soni 763 nafarga yetdi.

Jumladan, Buxoro viloyatidan 50 nafar bemor infeksiyadan to‘liq xalos bo‘lib, reabilitatsiyaga kuzatildi. Sog‘ayganning 44 nafari Rossiyadan, 6 nafari esa Turkiyadan charter reyslar orqali Buxoroga olib kelingan va karantinga olingan. Ulardan 43 nafari erkak, 7 nafari ayol. Eng yoshi kattasi 59, eng yoshi kichigi 5 yoshda.

Bemorlarning 9 nafari Samarqand viloyatidan, Buxoro va Qashqadaryo viloyatlaridan 8 nafardan, 5 nafari Andijon viloyatidan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Namangan viloyatidan 4 nafardan, 3 nafar Toshkent shahridan bo‘lsa, Xorazm, Farg‘ona va Sirdaryo viloyatlaridan 2 nafardan, Jizzax, Toshkent va Surxondaryo viloyatlaridan 1 nafardan. Ular orasida eng yoshi kattasi 59 yoshda bo‘lsa, eng yoshi kichigi 5 yoshli qizaloq.

Buxoro viloyati bo‘yicha shu paytga qadar 210 nafar bemor sog‘aygan bo‘lsa, endilikda ular 260 nafarga yetdi. O‘zbekistonda bemorlarning sog‘ayib chiqishi bo‘yicha Toshkent shahridan keyin eng yuqori ko‘rsatkich Buxoro viloyatidan qayd etilmoqda.

Shuningdek, Toshkentdagi Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy-tekshirish instituti klinikasidan koronavirus infeksiyasiga chalingan navbatdagi 5 nafar, Toshkent tibbiyot akademiyasi ko‘p tarmoqli klinikasidan 1 nafar bemor butkul sog‘aydi.

Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy-tekshirish instituti klinikasida tuzalganlarning 2 nafari Toshkent shahridan bo‘lsa, qolgan 3 nafari esa Sirdaryo, Surxondaryo va Toshkent viloyatidan. Ulardan 2 nafari Moskva — Toshkent yo‘nalishida charter reys orqali kelishgan. Qolgan 3 nafari koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlar bilan muloqot orqali kasallikni yuqtirib olishgan. Bemorlardan 4 nafari erkak, 1 nafari ayol. Ular orasida eng yoshi kattasi 53 yoshda bo‘lsa, eng yoshi kichigi 26 yoshda. Ushbu klinikada shu paytga qadar 70 nafar bemor sog‘aygan bo‘lsa, endilikda ular 75 nafarga yetdi.

Toshkent tibbiyot akademiyasi ko‘p tarmoqli klinikasida sog‘aygan 42 yoshli bemor (erkak) Toshkent shahridan bo‘lib,koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlar bilan muloqot orqali kasallikni yuqtirib olgan. Mazkur klinikada shu paytga qadar 49 nafar bemor sog‘aygan.

Bundan tashqari, Toshkent shahridagi 3-sonli tug‘ruq majmuasida ilk bor koronavirusga chalingan 2 nafar bemor: yaqinda farzandli bo‘lgan ayol hamda homilador ayol sog‘ayib chiqishdi.

Birinchi bemor ayol 38 yoshda bo‘lib, Namangan shahridan. Joriy yil 31 mart kuni Toshkent shahar perinatal markazida farzandli bo‘lgan. Onada koronavirus infeksiyasi aniqlangach, 3-sonli tug‘ruq majmuasiga olib kelingan. Uning farzandida esa koronavirus infeksiyasi aniqlanmagan.

Homilador ayol esa 28 yoshda bo‘lib, Samarqand shahridan. U joriy yil 26 mart kuni Turkiyadan Toshkentga kelgan va karantinga olingan. Koronavirus infeksiyasi aniqlangach, 3-sonli tug‘ruq komleksiga olib kelingan. Ayni paytda 32 haftalik homilasi rivojlanmoqda, deyiladi xabarda.

26 aprel soat 18:00 holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 1869 nafarni tashkil qilmoqda.