Bugun Jahon banki koronavirus pandemiyasining O‘zbekiston fuqarolari salomatligi va farovonligiga ta’sirini yumshatish bo‘yicha favqulodda choralarni qo‘llab-quvvatlash uchun 95 mln dollar miqdorida moliyalashtirish dasturini tasdiqladi. Bu haqda bank matbuot xizmati “Gazeta.uz"ga xabar qildi.

Loyiha mablag‘lari milliy sog‘liqni saqlash tizimini yaxshilashga, shuningdek, pandemiya keltirib chiqargan iqtisodiy inqirozdan aziyat chekkan kam ta’minlangan va himoyaga muhtoj aholi qatlamlarini qo‘llab-quvvatlashga sarflanadi.

“Jahon bankining moliyalashtirishi xalqaro rivojlanish bo‘yicha hamkorlar koalitsiyasi tomonidan tashkil etilgan aholini pandemiya xavfidan himoya qilishda hukumatga ko‘rsatilayotgan yordamning bir qismi sifatida taqdim etiladi”, — dedi Jahon bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Xideki Mori.

Ushbu loyiha doirasida koronavirus infeksiyasining oldini olish, uning profilaktikasi va tarqalishini nazorat qilish uchun milliy sog‘liqni saqlash tizimini takomillashtirishga 38 mln dollar sarflanadi. Ushbu mablag‘lar shaxsiy himoya vositalari, dori-darmonlar va hayotiy zarur tibbiy asbob-uskunalar, shu jumladan o‘pkani sun’iy shamollatish qurilmalarini sotib olish, koronavirus bilan kasallangan bemorlarni davolaydigan shifoxonalarni jihozlash uchun ham ishlatiladi.

57 mln dollar atrofidagi mablag‘lar kam ta’minlangan oilalarni qo‘llab-quvvatlash va ishsiz fuqarolarga bir martalik to‘lovlarni amalga oshirish bo‘yicha davlat dasturlarini kengaytirish uchun sarflanadi, deyiladi JB xabarida.