Surxondaryo viloyatida 3 nafar, Navoiy viloyatida 1 nafar va Buxoro viloyatida 32 nafar koronavirus bemori to‘liq sog‘aydi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar berdi.

Surxondaryoda tuzalganlardan bir nafari Qoraqalpog‘iston Respublikasidan, bir nafari Samarqand va yana bir nafari Namangan viloyatidan. Ularning barchasi (erkaklar) joriy yil 27 mart kuni Moskva — Termiz yo‘nalishida charter reys bilan kelishgan va karantinga olingan. Navoiyda tuzalgan bir nafar (erkak) bemor Toshkent shahridan bo‘lib, koronavirus infeksiyasiga chalinganlar bilan muloqot orqali kasallikni yuqtirib olgan. Har ikki viloyatdagi 4 nafar fuqarolar orasida eng yoshi kattasi 39 yoshda bo‘lsa, eng yoshi kichigi 19 yoshda.

Buxoro viloyatida sog‘ayganlarning 22 nafari viloyat ko‘p tarmoqli markazida, 10 nafari yuqumli kasalliklar shifoxonasida davolandi.

Shifo topganlarning 30 nafari Rossiyadan, 1 nafari esa Turkiyadan charter reyslar orqali Buxoroga olib kelingan va karantinga olingan. 1 nafar bemor koronavirusga chalinganlar bilan muloqotda bo‘lib, infeksiya yuqtirib olgan. Ulardan 28 nafari erkak, 4 nafari ayol. Bemorlarning 6 nafari Andijon viloyatidan, 5 nafari Toshkent viloyatidan, Qashqadaryo, Buxoro va Namangan viloyatlaridan 3 nafardan, Surxondaryo, Sirdaryo, Samarqand, Jizzax viloyatlari va Toshkent shahridan 2 nafardan, Qoraqalpog‘iston va Xorazm viloyatidan esa 1 nafardan. Ular orasida eng yoshi kattasi 74 yoshda bo‘lsa, eng yoshi kichigi 15 yoshda.

Hozirda mamlakat bo‘ylab koronavirus infeksiyasidan sog‘aygan bemorlar 657 nafarni tashkil etmoqda.