O‘zbekistonda yagona elektron chipta sotish tizimini joriy etish bo‘yicha Vazirlar mahkamasi qarori loyihasi e’lon qilindi.

Madaniyat vazirligi tomonidan muhokamaga joylashatirilgan qaror loyihasiga ko‘ra, yagona elektron chipta sotish portalining yagona operatori MCHJ shaklida tashkil etilishi ko‘zda tutilmoqda.

Loyihada qayd etilishicha, madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi hamda «Yagona respublika protsessing markazi» MCHJ (Uzcard) Operatorning muassislari hisoblanadi. Uzcard 51 foiz ulush bilan va jamg‘arma 49 foiz ulush bilan operator ustav kapitalida ishtirok etishadi.

Operator tomonidan elektron chiptalarni sotib olish uchun sayt yaratiladi va uning faoliyati yuritiladi. Chipta sotish bo‘yicha ko‘rsatilgan xizmatlar uchun operatorga vositachilik haqini undirish huquqi beriladi.

Saytda chiptalarni bron qilish, sotish va qaytarish, agentlarni ulash xizmatlari yo‘lga qo‘yiladi.

Yagona tizim «O‘zbekiston temir yo‘llari», «Uzbekistan airways», «O‘zavtovokzal servis» DUK va respublika hududidagi barcha avtovokzallar va yo‘lovchilar avtostansiyalari, sport ob’ektlari va boshqa chipta sotish axborot tizimlarini integratsiya qiladi.

Qaror loyihasining muhokamasi 9 mayga qadar davom etadi.