Telegram messenjerining faol foydalanuvchilari soni 400 millionga yetdi. Bu bir yil oldingidan 100 millionga ko‘p, deb yozdi kompaniya blogida Telegram asoschisi Pavel Durov.

“Har kuni kamida 1,5 million yangi foydalanuvchi Telegramga a’zo bo‘ladi. Biz 7 yil oldin Telegramni ishga tushirganimizda, odamlar har doim cheklovlar va o‘rtamiyona narsalarga nisbatan erkinlik va sifatni tanlashlarini taxmin qilgandik. Shuning uchun ham, shubhasiz, Telegram — 20 dan ortiq mamlakatlarda eng ko‘p yuklab olingan ijtimoiy media ilovasi”, — deyiladi xabarda.

Pavel Durovning so‘zlariga ko‘ra, hozirgi dunyo bo‘ylab o‘rnatilgan yakkalanish tartibi ishonchli videoaloqa vositasiga ehtiyoj borligini namoyon qildi.

“2020 yilda videoqo‘ng‘iroqlar 2013 yildagiga o‘xshaydi. Xavfsiz yoki foydalanish mumkin bo‘lgan ilovalar mavjud, ammo ikkalasi bittada emas. Bu muammoni biz tuzatmoqchimiz”, — dedi Durov.

Shu maqsadda, bu yil Telegram jamoasi xavfsiz guruhli videoqo‘ng‘iroqlar uyushtirishga qaratilgan texnologiyalarni yaratishga e’tibor qaratadi. Uning ishga tushirilishi 2020 yilning oxirigacha rejalashtirilgan.

Shuningdek, Durov Telegramda ta’lim muammolarini hal etishga ham hissa qo‘shish maqsadida barcha fanlar va darajalar uchun test sinovlari ma’lumotlar bazasini yaratmoqchi.

“Hozirda 2 milliard o‘quvchi maktablardan uzoqda bo‘lganligi sababli, dunyo onlayn o‘quv vositalariga juda muhtoj. Biz barcha fanlar va darajalar uchun test sinovlari ma’lumotlar bazasini yaratish orqali ushbu muammoni hal qilishga o‘z hissamizni qo‘shmoqchimiz”, — dedi Telegram asoschisi.

Buning uchun, har kim Telegramda @QuizBot orqali har qanday qiyinlikdagi va har qanday tilda original ta’lim testini yaratish hamda nashr etish imkoniyatiga ega bo‘lishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Pavel Durov pandemiya tugagach, dunyo oldingi holatiga qaytmasligini hamda bunda texnologiya insoniyatga qanchalik foydali ekanligini isbotlash davri kelganini ma’lum qilgan edi.