TBC Uzbekistan — TBC PLC banklar guruhining sho‘'ba kompaniyasi — o‘z faoliyatini iyun oyidan boshlashni rejalashtirmoqda, deya xabar berdi bank matbuot xizmati “Gazeta.uz"ga.

TBC PLC guruhi bankning ustav kapitaliga 12,6 million AQSH dollari miqdorida investitsiya kiritdi va 2020 yil oxiriga qadar qo‘shimcha 9,4 million dollar miqdorida investitsiya kiritishni rejalashtirmoqda. Potensial yangi aksiyadorlar, shu jumladan Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Xalqaro moliya korporatsiyasi va O‘zbekiston-Ummon investitsiya kompaniyasi ichki kelishuvlar natijalaridan kelib chiqib, ishtirok etishga qiziqish bildirdi. TBC PLC 51 foizlik majoritar ulushga ega bo‘lgan aksiyador bo‘lib qoladi.

Bankni boshqarish Sandro Rtveladze zimmasiga yuklatiladi. U bosh ijro etuvchi direktor lavozimda ishlaydi. Bundan avval Rtveladze Bayport Financial Services va Gruziyadagi Liberty Bank bosh direktor o‘rinbosari sifatida faoliyat yuritgan.

“Ayni damdagi vaziyat va Covid-19 ta’sirini e’tiborga olgan holda, bank o‘z biznes-modelini qo‘shimcha muqobillashtirdi: aktivlar bilan ishlashni yengillashtirish va iqtisodiy foyda keltiruvchi amaliyotlarni joriy etishdir. Shuningdek, jismoniy filiallarning rejalashtirilgan soni qisqartiriladi”, deyiladi bank xabarida.

Bank o‘z faoliyatini boshlash bosqichida amaldagi hisoblar va omonat hisoblari, naqd pul ko‘rinishidagi kreditlar, ish haqi garov kreditlari, avtokreditlar va boshqa xizmatlarni taklif qiladi.

Shuningdek, TVSga tegishli Payme kompaniyasi bankdan alohida ishini davom ettiradi. Ammo bu ikki kompaniya yaqin hamkorlikda ishini davom ettirishi ma’lum qilindi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Payme aksiyalarining 51 foizini sotib olgan Gruziyaning TBC Bank banki O‘zbekistonda tijorat bank tashkil etishga doir ruxsatnomaga ega bo‘lgani haqida xabar berilgan edi.