24 aprel kuni Xitoy milliy kosmik agentligi birinchi Marsni tadqiq qilish missiyasining nomi Tianwen-1 bo‘lishini e’lon qildi.

Xabarga ko‘ra, Tianwen nomini olgan Xitoyning sayyoralarni o‘rganish dasturi nomi “samoviy haqiqatni izlash” degan ma’noni anglatadi. Dastur Chu qirolligining mashhur qadimgi shoiri Ku Yuan tomonidan yozilgan she’rga bag‘ishlanib nomlangan. She’rda yulduzlar va boshqa samoviy jismlar haqida savollar berilgan.

Xitoy milliy kosmik agentligi kelajakda Xitoyning barcha sayyoralarni tadqiq qilish missiyalari Tianwen deb nomlanishini ham ma’lum qildi. Agentlikning ta’kidlashicha, bu nom xitoy xalqining haqiqatga tinimsiz intilishini, mamlakatning tabiat va koinotni tushunishdagi madaniy merosini, shuningdek, fan va texnikadagi doimiy izlanishlarni anglatadi.

Xitoy birinchi Marsga uchuvchisiz tadqiqot missiyasini 2020 yilda boshlashni rejalashtirgan. Aynan shu yilning tanlanishi esa Xitoy o‘zining birinchi sun’iy yo‘ldoshi Dongfanghong-1 parvozini muvaffaqiyatli amalga oshirganiga 50 yil to‘lgani bilan bog‘liq. Mazkur tadqiqot missiya davomida kosmik agentlik tomonidan Mars sayyorasining tuprog‘i, geologik tuzilishi, atrof-muhiti, atmosferasi va suv manbalari haqida ilmiy tadqiqotlar o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan, deyiladi xabarda.

Ma’lumot uchun, 2003 yili Xitoy sobiq Sovet Ittifoqi va AQSHdan keyin o‘z raketasi bilan samoga odam chiqargan uchinchi mamlakat hisoblanadi. Shu bois, Xitoy Rossiya va AQSHni ortda qoldirib, 2030 yilga kelib yirik kosmik kuchga aylanishga maqsad qo‘ygan.