Respublika maxsus komissiyasi faoliyatini davom ettirayotgan barcha savdo korxonalarida COVID-19 kirib kelishining oldini olish va tarqalib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan quyidagi talablarni e’lon qildi.

Tashrif buyuruvchilar uchun:

  • savdo nuqtasi va unga tutash hududlarda xavfsizlikni ta’minlash va xaridorlar orasidagi ijtimoiy masofaning saqlanishiga rioya qilinishini ta’minlash maqsadida qo‘riqlash va boshqa xizmat turlaridan foydalanish;
  • savdo nuqtasiga kiruvchi har bir shaxsning tana haroratini masofadan turib o‘lchashni tashkil etish. Tana harorati yuqori bo‘lgan fuqaro aniqlansa, savdo markaziga kiritmaslik va “103” telefon raqami orqali tibbiyot xodimlarini chaqirtirish;
  • savdo nuqtasiga kirish joyida dezinfeksiyalovchi vosita bilan to‘yintirilgan maxsus gilamcha (dezinfeksiyalash to‘sig‘i)ni 1 smenada eng kamida 1 marotaba almashtirib turish;
  • yirik savdo markazlarida (maydoni 500 m2 dan katta) tashrif buyuruvchi odamlarning ust-boshidan antiseptik bilan purkash yo‘li bilan dezinfeksiyalash uchun maxsus o‘tish joylarini o‘rnatish;
  • savdo do‘konlariga kirish joyida teri uchun maxsus antiseptiklar (shu jumladan, o‘rnatilgan dozatorlar yordamida) bilan qo‘lni zararsizlantirish joylarini tashkil qilish;
  • har bir xaridor orasida 2 metrdan kam bo‘lmagan ijtimoiy masofaning saqlanishini ta’minlash.

Savdo nuqtasi xodimlari uchun esa quyidagi talablar o‘rnatildi:

  • shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya qilinishini ta’minlash, yuqori nafas yo‘llari infeksiyalari kasalliklari belgilari (tana haroratining yuqoriligi, yo‘tal, tumov) bo‘lgan xodimlar ishga qo‘yilmasligini ta’minlash;
  • xodimlarni 1 marotabalik yuz niqoblari bilan yetarli darajada ta’minlash (yuz niqobini tugash muddati va ish vaqtining davomiyligiga qarab kamida 3 soatda 1 dona);
  • xaridorlar bilan ishlovchi har bir xodimni eng kamida 5 dona yuz niqobi, antiseptik salfetkalar, qo‘lqop, teri va qo‘lni zararsizlantiruvchi (ro‘yxatga olingan va qo‘llash uchun qarshi ko‘rsatmasi bo‘lmagan) antiseptiklar bilan ta’minlash;
  • xodimlarning ovqatlanish va dam olish vaqtlarida to‘planishlarini cheklash, ish joyida ovqatlanishni taqiqlash, ular uchun bir marotabalik idishlardan foydalangan holda karantin vaqtida qulaylik yaratish va ularni erkin holda ko‘chada yurishlarining oldini olish va foydali ish soatlarini oshirish maqsadida markazlashgan holda ovqat yetkazib berilishini ta’minlash;
  • har 2−4 soatda barcha tashqi muhit ob’ektlarini (eshik tutqichlari, vklyuchatel, perila, stol, stullar, tashkiliy texnika, aravachalar tutqichlari) zararsizlantirish uchun yetarli darajada zararsizlantiruvchi uskunalar o‘rnatish;
  • xodimlarni har bir ovqatlanish oldidan, ishdan so‘ng qo‘llarini maxsus zararsizlantiruvchi vositalar bilan yuvish, profilaktik chora-tadbirlarga, shaxsiy va umumiy gigiyena qoidalariga amal qilish zarurligi to‘g‘risida muntazam xabardor qilib borish;
  • ishlatilgan shaxsiy himoya vositalarini maxsus idishlarda alohida ajratilgan yig‘ish va ularning utilizatsiya qilinishini ta’minlash.