Xalqaro valyuta jamg‘armasi 375 mln dollarlik kredit ajratishda O‘zbekiston oldiga qo‘shimcha talablar qo‘ymaydi, deya ma’lum qildi moliya vaziri o‘rinbosari Odilbek Isoqov jumani kuni bo‘lib o‘tgan onlayn-brifingda.

XVJ

XVJ kredit ajratishga rozi bo‘lgani haqida ushbu haftada bosh vazir o‘rinbosari -iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri Jamshid Qo‘chqorov ma’lum qilgan edi. “Xalqaro valyuta jamg‘armasi o‘zi aslida, hukumatlarga kredit bermaydi, hozirgi vaziyatdan kelib chiqib ular ham 375 mln dollar berishiga kelishib oldik”, — degan edi u.

XVJ ma’lumotlariga ko‘ra, banklardan farqli ravishda, jamg‘arma muayyan loyihalarga mablag‘ ajratmaydi. Uning moliyaviy yordami o‘zining xalqaro zaxiralarini to‘ldirmoqchi, o‘z valyutalarini barqarorlashtirmoqchi, import uchun to‘lovlarni hamda birlamchi muammolarni hal etish bo‘yicha choralarni qo‘llagan holda faol iqtisodiy o‘sish uchun qayta tiklashni davom ettirmoqchi bo‘lgan davlatlarga yo‘naltiriladi.

Odilbek Isoqov XVJ kredit ajratishda O‘zbekistonda jamg‘arma ko‘magida olib borilayotgan islohotlarni davom ettirishni so‘ragan.

“375 mln dollar — XVJdagi ulushimizning yarmi hisoblanadi. Shu 375 mln dollarni berishni taklif qilishdi va biz buni hozir ko‘rib chiqyapmiz. Shartlari qanday bo‘ladi? Bunda siz o‘ylagan shart bo‘lmaydi. Ya’ni, masalan, boshqa mamlakatlarda oldingi inqirozlarga qarasangiz, masalan, Turkiya olgan XVJning ayrim shart-sharoitlarini bajarish uchun, Argentina, Vengriya, Latviya olgan turli yillarda. Demak, turli davlatlar inqiroz vaqtida XVJga murojaat qilib, bir necha milliard dollarlik kredit olishi oldin ham kuzatilgan. Lekin u vaqtda islohotlar XVJ bilan kelishilishi lozim bo‘lgan. U kreditlardan bu 375 million dollarlik kreditning farqi nimada, deb so‘rasangiz, farqi, birinchidan, COVID-19 uchun berilayotgan kredit, albatta, davlat byudjetini qo‘llab-quvvatlash uchun berilyapti. Ikkinchidan, uning shartlari juda ham yengil. Ya’ni, qo‘shimcha alohida shart qo‘yishmayapti”, — dedi u.

“Biz allaqachon amalga oshirayotgan islohotlarni davom ettirishimizni so‘rashyapti. Masalan, valyuta kursining bittaligini ta’minlash. Ilgari ikkita-uchta kurs bo‘lib ketgandiku. Shunday narsalarga yo‘l qo‘ymasligimizni so‘rayapti. Ya’ni XVJ bilan oldin qanday kelishuvlarga erishgan bo‘lsak, ular yordamida qanday islohotlarni amalga oshirayotgan bo‘lsak, shu islohotlarning bardavom bo‘lishini xohlashyapti. Jamshid Qo‘chqorov ham aytib o‘tdilar, bu islohotlar pandemiya tufayli to‘xtab qolmaydi. Balki pandemiya tufayli yanada kuchli ildamlaydi”, — dedi vazir o‘rinbosari.

Jahon banki

Moliya vaziri o‘rinbosarining so‘zlariga ko‘ra, yaqin kunlarda Jahon bankining 200 mln dollarlik krediti kutilmoqda. Aprel oxirida JB direktorlar kengashi taklifni ma’qullashi bilan may oyidan qarz mablag‘lari tushishni boshlaydi.

“O‘tgan yili Jahon banki Development Policy Operation (DPO — rivojlanish siyosatini qo‘llab-quvvatlash) bo‘yicha islohotlar amalga oshirilganidan keyin bizga kreditlar bergan edi. 200 mln dollar o‘tgan yilgi islohotlarni bu yil ham davom ettirayotganimiz uchun berildi. Bunda hech qanday qo‘shimcha shart-sharoit yo‘q. Jahon banki bilan DPO3 bo‘yicha ham (mablag‘lar) olishga kelishib oldik. Bunda Jahon banki bilan alohida islohotlar matritsasi ishlab chiqiladi. JB bilan ishlab chiqilayotgan islohotlar makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlash uchun. Demak, YAIMning o‘sishini ta’minlash, inflyatsiyani pasaytirishni ta’minlash, fiskal va monetar siyosatning asosiy qoidalarini yanada kuchaytirish, institutsional salohiyatni kuchaytirish kabi”, — dedi Odilbek Isoqov.

OTB va FTA

Osiyo taraqqiyot banki va Fransiya taraqqiyot agentligi energetika sohasidagi islohotlarni amalga oshirish uchun kreditlar ajratmoqda, deya ta’kidladi vazir o‘rinbosari. Masalan, o‘tgan yili “O‘zbekenergo” qayta tashkil etilishi natijasida uchta tashkilot, shuningdek, Energetika vazirligi tashkil etildi.

“Biz hozirda energetika kompaniyalarini korporativ boshqarish, yashil energiya va boshqalarni rivojlantirish matritsalarini ishlab chiqmoqdamiz. Ushbu chora-tadbirlar asosida bizga kreditlar berishadi. Biz bunga ijobiy tomondan qarashimiz kerak, chunki har bir islohot biz uchun juda muhimdir”, — dedi u.

JICA

Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) qishloq xo‘jaligi va bog‘dorchilikni rivojlantirish uchun kreditlar ajratdi.

“Agentlik ushbu sohaga mablag‘ ajratishni davom ettirmoqchi, hech qanday alohida talablar yo‘q. Jumladan, mablag‘lar issiqxonalar qurish, paxta yoki bug‘doy yetishtirish o‘rniga yuqori qo‘shimcha qiymatga ega sabzavot va mevalarni yetishtirishga sarflanadi”, — deya tushuntirdi Odilbek Isoqov.