Google kompaniyasi O‘zbekistonda qo‘shilgan qiymat solig‘ini (QQS) to‘lashni boshladi. Bu haqda Davlat soliq ko‘mitaning matbuot xizmati xabar berdi.

Xabarga ko‘ra, O‘zbekistonda bunday kompaniyalarni ro‘yxatga olish uchun Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan maxsus xizmat — Internet-kompaniyalarning QQS-ofisi — http://tax.uz yaratildi.

Davlat soliq qo‘mita ma’lum qilishicha, 24 aprel kuniga qadar mazkur QQS-ofis orqali O‘zbekistonda 9 ta xorijiy kompaniyalar ixtiyoriy soliq to‘lovchi sifatida ro‘yxatdan o‘tdi.

Ular:

— Google Commerce Limited;

— Google Ireland Limited;

— Google Voice Inc;

— Apple Distribution International Limited;

— Netflix International B.V.;

— Samsung Electronics Co., Ltd.;

— Sleverbridge AG;

— Xsolla (USA), Inc.;

— Activision Blizzard International BV

Ma’lum qilinishicha, QQS bo‘yicha birinchi to‘lov “Google Commerce Limited” kompaniyasi tomonidan amalga oshirildi. Kompaniya joriy yilning I-choragi yakunlariga ko‘ra davlat byudjetiga 85 ming yevro miqdorida mablag‘ to‘ladi.

Davlat soliq qo‘mitasiga QQS-ofisi orqali ro‘yxatdan o‘tish uchun xorijiy kompaniyalardan arizalar kelib tushishi davom etmoqda, deyiladi xabarda.

Ma’lumot uchun, Soliq kodeksi bilan 2020 yildan boshlab O‘zbekiston Respublikasi hududida jismoniy shaxslarga xizmatlarni elektron shaklda taqdim etadigan xorijiy kompaniyalari uchun qo‘shilgan qiymat solig‘ini (QQS) to‘lash joriy etilgan edi.