O‘zbekiston koronavirus pandemiyasi oqibatlarini yumshatish uchun xalqaro moliya institutlarining 3,1 milliard dollar miqdoridagi kreditlarini jalb qilish niyatida. Tegishli қарорни prezident Shavkat Mirziyoyev 22 aprel kuni imzoladi.

Hujjat bilan pandemiyaning salbiy oqibatlarini bartaraf etish uchun grantlarni jalb qilish va uzoq muddatli imtiyozli moliyalashtirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” tasdiqlandi.

Ushbu mablag‘lardan sog‘liqni saqlash tizimini mustahkamlashga — 277,5 million dollar, tadbirkorlik va bank tizimini qo‘llab-quvvatlashga — 700 million dollar, davlat byudjetiga — 1,8 milliard dollar, kommunal va energetika korxonalariga 300 million dollar yo‘naltiriladi.

O‘zbekiston mablag‘larni jalb qilmoqchi bo‘lgan moliyaviy institutlar ro‘yxatiga Jahon banki, Osiyo Taraqqiyot banki, Islom taraqqiyot banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki hamda Osiyo infratuzilma investitsiya banki kiritilgan.

Avvalroq bosh vazir o‘rinbosari — iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri Jamshid Qo‘chqorov O‘zbekiston koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashda ko‘maklashish uchun Xalqaro valyuta jamg‘armasidan 375 mln dollar olishni mo‘ljallayotganini ma’lum qilgan edi.