Farg‘ona viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasidan koronavirus infeksiyasiga chalingan 19 nafar bemor sog‘aydi. Ular viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmalari mas’ullari ishtirokida reabilitatsiyaga kuzatildi.

Sog‘ayganlarning 9 nafari Turkiyadan kelishgan va karantinga olingan. Koronavirus infeksiyasi tasdiqlangach, viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasiga joylashtirilgan. Qolgan 10 nafari koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlar bilan muloqot orqali kasallikni yuqtirib olishgan.

Bemorlardan 11 nafari Farg‘onadan, 3 nafari Toshkent shahridan, 2 nafari Samarqanddan, Jizzax, Sirdaryo va Toshkent viloyatlaridan 1 nafardan. Bemorlarning 10 nafari erkak, 9 nafari ayol bo‘lib, ular orasida uch oylik chaqaloq ham bor. Eng yoshi kattasi 61 yoshda.

Farg‘ona viloyati bo‘yicha shu paytga qadar 11 nafar bemor sog‘aygan bo‘lsa, endilikda ular 30 nafarga yetdi.

Hozirda mamlakat bo‘ylab koronavirus infeksiyasidan jami 582 nafar bemor to‘liq sog‘aygan.