Davlat soliq qo‘mitasi va Davlat xizmatlari agentligi tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarga elektron raqamli imzo kaliti va sertifikatini maxsus axborot resursi orqali berish mexanizmi joriy qilindi. Bu haqda soliq ko‘mitasining matbuot xizmati xabar berdi.

Xabarga qo‘ra, ushbu davlat xizmatidan murojaat etuvchi hali elektron raqamli imzo sertifikatiga ega bo‘lmagan hollarda xam foydalanish mumkin.

Murojaat etuvchining shaxsini tasdiqlash va so‘rovnomadagi ma’lumotlar to‘g‘ri to‘ldirilganligini tekshirish Davlat xizmatlari markazi operatori tomonidan quyidagi tartibda amalga oshiriladi:

— so‘rovnomada ko‘rsatilgan mobil telefon raqami murojaat etuvchiga tegishliligi;

— murojaat etuvchining pasport nusxasi va selfi foto nusxasi orqali pasport ma’lumotlarining to‘g‘riligi;

— murojaat etuvchining STIR orqali DSQ axborot tizimidagi ma’lumotlarni so‘rovnomadagi ma’lumotlar bilan solishtirish orqali tekshiradi.

Murojaat etuvchining shaxsini tasdiqlashda selfi foto juda muhim hisoblanadi. Bunda, ilova qilinayotgan fotosurat nusxada murojaatchi yuz qiyofasi “anfas” shaklda va tiniq ko‘ringan hamda pasportning asosiy sahifasi barcha simvollari o‘qib bo‘ladigan sifatda bo‘lishi shart.

Aks holda sertifikatni berishni rad etish to‘g‘risidagi xabarnoma beriladi. Murojaat etuvchi rad etish sabablarini bartaraf etgandan so‘ng, takroran murojaat etishi mumkin bo‘ladi.

Elektron raqamli imzoni e-imzo.uz orqali masofadan olish bo‘yicha batafsil qo‘llanmani ushbu havola orqali yuklab olish mumkin.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq, Davlat soliq qo‘mitasining ro‘yxatga olish markazi karantin davrida muddati tugagan elektron raqamli imzo kalitini internet orqali real vaqt rejimida yangilash imkoniyatini joriy etgan edi.