Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi Asaka tumani bo‘limi boshlig‘i vazifasini bajaruvchi bo‘lib ishlaydigan shaxs mahalliy fermerdan 10 ming dollar pora olayotganda ushlandi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov ma’lum qildi.

Tezkor tadbir Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Andijon viloyati boshqarmasi xamda DXX viloyat boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazildi.

Ma’lum qilinishicha, B.M. fermer X.X.dan fermer xo‘jaligiga tegishli bo‘lgan 44 ga. yer maydonida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari to‘liq ekilmaganini ro‘kach qilib, ushbu yerni olib qo‘yish bilan qo‘rqitgan va 10 ming dollar pora talab qilgan. U pullarni agroinspeksiya binosi yonida «Qassobxona» sotuvchisi orqali olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Mazur holat yuzasidan B.M.ga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.