Toshkent tibbiyot akadmiyasining ko‘p tarmoqli tibbiyot klinikasida koronavirus aniqlangan bemor hayotdan ko‘z yumdi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmatining xabar qilishicha, 19 aprel kuni Toshkent viloyati Angren shahrida yashovchi F. (ayol) viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasiga o‘ta og‘ir ahvolda yotqizilgan va sun’iy nafas olish apparatiga olingan. Tezkor diagnostik tahlillardan so‘ng bemorda koronavirus infeksiyasi aniqlangan.

Shundan so‘ng unga ixtisoslashgan tibbiy yordam ko‘rsatish maqsadida Toshkent tibbiyot akademiyasining ko‘p tarmoqli tibbiyot klinikasiga o‘tkazilgan. Bemorda o‘pkaning surunkali obstruktiv kasalligi, ikki tomonlama bronxopnevmoniya, o‘tkir respirator distress sindrom, gipertoniya kasalligi ikkinchi bosqich, xavf 4, semizlikning 3 darajasi bo‘lganligi sababli kasallik og‘ir kechib, davolanish davomida hamisha sun’iy nafas olish apparatida bo‘lgan.

Bemorning shu kungacha kunlik ahvoli mamlakatdagi shu sohaga ixtisoslashgan tibbiyot muassasalarining nufuzli mutaxassislari nazoratida bo‘lgan. Ular tomonidan muntazam konsiliumlar o‘tkazib kelingan, deyiladi xabarda.

Biroq mutaxassislarning belgilangan standartlar asosida o‘tkazgan reanimatsion muolajalariga qaramasdan bemor o‘tkir respirator distress sindromi, o‘tkir nafas, o‘pka-yurak va poliorgan yetishmovchiligidan vafot etdi.

Mamlakatda COVID-19 infeksiyasi asoratlaridan vafot etgan bemorlar soni 8 nafarga yetdi.