Ziroat Mirziyoyeva raisligidagi «Zamin» xalqaro jamoat fondi o‘z faoliyatini 5 ming ayolga moddiy yordam berishdan boshladi. Bu haqda fond matbuot xizmati xabar bergan.

Fond tomonidan loyihalarga jalb qilingan mablag‘lar karantin davrida og‘ir ahvolda qolgan ayollar va oilalarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilishi bo‘yicha qaror qabul qilingan. 5 mlrd so‘m miqdoridagi xayriya mablag‘i O‘zbekistonning barcha hududlaridagi yordamga muhtoj 5 ming nafar ayolga yo‘naltirilgan.

«Xavfsiz va o‘z vaqtida berilgan ushbu yordam qiyin kunlarda umidsizlikka tushib qolganlarga umid baxsh etsin, mehr va muruvvat oyi bo‘lmish muqaddas Ramazon oyida ularning oilalari va yaqinlariga iliqlik, quvonch va tabassum hadya qilsin», — deya izoh bergan vasiylik kengashi raisi Ziroat Mirziyoyeva.

«Zamin» xalqaro jamoat fondi nodavlat notijorat tashkilot sifatida O‘zbekistonda ro‘yxatga olingan.

Fondning maqsadi — mamlakatning barqaror rivojlanishiga hissa qo‘shish va aholi turmush darajasini oshirish. Fond shiori — «Birga zamin yaratamiz!»

«Zamin» fondining faoliyati uzoq muddatli, strategik ahamiyatga ega va barqaror loyihalardan iborat 4 yo‘nalishga qaratilgan:

  • atrof-muhitni muhofaza qilish yo‘lida hamkorlik;
  • havo ifloslanishini monitoring qilish, tuproq unumdorligini tiklash va ichimlik suvi bilan ta’minlash bo‘yicha loyihalarni qo‘llab-quvvatlash;
  • ijtimoiy rivojlanishga innovatsion ishlanmalarni tatbiq qilish va ijtimoiy sohadagi loyihalarni moliyalashtirish;
  • eshitish qobiliyati zaif bolalarning yashash sharoiti ta’lim sharoitlarini yaxshilash.

Fond mablag‘ini xalqaro tashkilotlarning grantlari, xalqaro va mahalliy tashkilotlarning xayriya mablag‘lari va jismoniy shaxslarning xayriyalari kabi asosiy manbalar shakllantiradi.