Jahon banki COVID-19 koronavirus pandemiyasi va o‘rnatilgan karantin choralari tufayli dunyo bo‘ylab pul o‘tkazmalari hajmi 2020 yilda deyarli 20 foizga pasayishini kutmoqda. Bu haqda bankning yangi hisobotida ma’lum qilindi.

Kam va o‘rtacha daromadli mamlakatlarga pul o‘tkazmalari 19,7 foizga kamayib, jami 445 milliard dollargacha qisqarishi kutilmoqda, bu esa ko‘plab zaif uy xo‘jaliklarining muhim moliyaviy manbadan mahrum bo‘lishiga olib keladi, deyiladi hisobotda.

“Pul o‘tkazmalari rivojlanayotgan davlatlar uchun muhim daromad manbai hisoblanadi. Hozirgi COVID-19 koronavirus pandemiyasi tufayli paydo bo‘lgan iqtisodiy retsessiya pulni uyga jo‘natishga juda salbiy ta’sir qiladi va rivojlangan mamlakatlar iqtisodiyotini tiklash uchun zarur bo‘lgan vaqtni qisqartirish vazifasini yanada og‘irlashtiradi”, — dedi Jahon banki guruhi prezidenti Devid Malpass.

Jahon banki pul o‘tkazmalari qisqarishi eng ko‘p Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasida kuzatilishini kutmoqda (27,5%), undan keyin Sahroi Afrika (23,1%), Janubiy Osiyo (22,1%), Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika (19,6%), Lotin Amerikasi va Karib dengizi (19,3%) hamda Sharqiy Osiyo va Tinch okeani (13%).

Hisobotga ko‘ra, 2021 yilda kam va o‘rtacha daromadli mamlakatlarga pul o‘tkazmalari bilan bog‘liq vaziyat yaxshilanadi, ularning hajmi 5,6 foizga o‘sadi va 470 milliard dollarni tashkil etadi. Shu bilan birga, pul o‘tkazmalari prognozi bo‘yicha noaniqliklar mavjud. Tadqiqotchilarning ta’kidlashicha, prognozlar noaniqligi COVID-19 koronavirus pandemiyasiнинг jahon iqtisodiyotining istiqbolli o‘sish ko‘rsatkichlariga bo‘lgan ta’siri bilan bog‘liq.

“Mavjud inqiroz davrida rivojlanayotgan va rivojlangan mamlakatlarda ijtimoiy xavfsizlikning samarali tizimlariga ega bo‘lish kambag‘al va zaif tabaqalarni himoya qilishda hal qiluvchi ahamiyatga ega. [Mehnat muxojirlarni] qabul qiluvchi mamlakatlarda ijtimoiy himoya choralari muhojirlarga ham tatbiq etilishi kerak”, — dedi Jahon bankining Ijtimoiy himoya va bandlik bo‘yicha global amaliyot departamenti direktori Mixal Rutkovskiy.

Jahon bankining ma’lumotlariga ko‘ra, 2019 yilda Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlariga pul o‘tkazmalari hajmi deyarli 6 foizga o‘sib, 65 milliard dollarga yetgan edi, ammo global koronavirus pandemiyasi va neft narxlarining pasayishi natijasida bu ko‘rsatkich keskin kamayadi.

Rossiyada ishlaydigan mehnat muxojirlarning pul o‘tkazmalarining kamayishi Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekiston iqtisodiyotiga salbiy tashqi shoklar ta’sirini kuchaytirishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Jahon banki 2020 yilda O‘zbekiston yalpi ichki mahsulotining o‘sish darajasi keskin pasayib, 1,6 foizni tashkil etishini hamda mehnat muhojirlari yuboradigan pul o‘tkazmalari 50 foizga qisqarishi mumkinligini prognoz qilgandi.