O‘zbekistonda koronavirus bemorlari davolanishlari uchun pul sarflayotganlari yo‘q, bu haqda Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov Xalqaro press-klubning sessiyasida ma’lum qildi.

«Kasallikdan davolanayotganlar ham, kasallikda gumon qilinganlar ham, karantinda saqlanayotganlarning barchasi bepul, davlat byudjeti hisobidan davolanmoqda» — dedi Alisher Shodmonov.

Ma’lumotga ko‘ra, O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasiga chalinib davolanayotgan o‘rta ahvoldagi har bir bemor uchun 32 million so‘mdan mablag‘ sarf qilinmoqda. Og‘ir ahvoldagi, jonlantirish bo‘limida yotgan har bir bemorlarga o‘rtacha 64 million so‘mdan mablag‘ sarflanmoqda.

Karantinda bo‘lib turgan fuqarolarning har biri uchun 14 kunlik karantinda davri uchun 2,4 million so‘mdan, koronavirusdan tuzalib, reabilitatsiyaga olingan har bir bemor tiklanishi uchun 2,8 million so‘mdan sarflanmoqda.

Bundan tashqari, koronavirusg kasalligiga qarshi kurash uchun 16 ming o‘rin hozirlab qo‘yilgan. Shuningdek, koronavirusdan davolash maqsadida 20 ming bemor uchun dori-darmon vositalari zaxirasi yaratib qo‘yilgan.