O‘zbekiston hukumatining 22 apreldagi farmoyishi bilan «Saxovat va ko‘mak» jamg‘armasi hamda uning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar hamda tuman (shahar) bo‘linmalari tashkil etildi. Bu haqda Adliya vazirligi matbuot xizmati xabar qildi. Prezident Shavkat Mirziyoyev 20 aprel kuni shunday nomdagi harakatni boshlash taklifini ilgari surgan edi.

Mazkur farmoyish bilan «Saxovat va ko‘mak» jamg‘armasi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

Jamg‘arma va uning bo‘linmalari «Mahalla» xayriya jamoat fondi hamda uning hududiy bo‘linmalari huzurida ochilib, ular yuridik shaxs hisoblanmaydi.

Jamg‘arma mablag‘lari homiylik va xayriya mablag‘lari, qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan shakllantiriladi.

Jamg‘arma mablag‘lari koronavirus pandemiyasi va karantin davrida ijtimoiy himoyaga muhtoj, ko‘p farzandli oilalarga, nogironligi bo‘lgan shaxslarga va yolg‘iz qariyalarga, o‘z daromadini yo‘qotgan vaqtincha ishsiz bo‘lgan jismoniy shaxslarga pul mablag‘lari, kundalik iste’mol tovarlari, dori vositalari va boshqa mahsulotlar bilan ta’minlash uchun ishlatiladi.

Jamg‘arma va uning bo‘linmalariga mablag‘larning kelib tushishi va ulardan foydalanilishi bo‘yicha ommaviy axborot vositalarida e’lon qilib boriladi.