Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasining xarajatlari Moliya vazirligi tomonidan ma’lum qilindi.

Hozirgi paytga qadar Moliya vazirligi huzuridagi Inqirozga qarshi kurashish jamg‘arma hisobiga jami 3,5 trln so‘m kelib tushgan. Ulardan 1,884 trln so‘m sarflangan. Oldinroq e’lon qilingan jamg‘arma hisobiga kirim qariyb ikki baravarga ko‘paygan 1,596 trln so‘mdan dan 3,5 trln so‘mgacha. Xarajatlar esa 756 mlrd so‘mdan 1,130 trln so‘mgacha o‘sgan.

Energetika sohasi

Eng ko‘p mablag‘ energetika sohasi barqarorligini ta’minlash uchun sarflangan — jami 901 mlrd so‘m. Ushbu mablag‘ning 500 mlrd so‘mi «Issiqlik elektr stansiyalari» AJ korxonalariga va qolgan 401 mlrd so‘m esa O‘zbekneftgaz AJga subsidiya sifatida berilgan.


Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi

Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasidan Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligigiga 425 mlrd so‘m o‘tkazilgan. Ushbu summadan 270 mlrd so‘m test tizimlari, reaktivlar va himoya vositalarini sotib olish uchun sarflangan. Hududiy markazlarga 131 mlrd so‘m yo‘naltirilgan: 72 mlrd so‘m fuqarolarni karantinda saqlayotgan muassasalar xodimlarining ish haqi, oziq-ovqat, gigiyena tovarlari va boshqa harajatlarga; 18 mlrd so‘m jamoat joylarini dezinfeksiya qilish ishlariga, 8 mlrd so‘m epidemiologik holat bilan kurashish bo‘yicha tadbirlarga sarflangan.

Bundan tashqari karantin tadbirlari va koronavirusga qarshi kurashda ishtirok etayotgan tibbiyot xodimlari va boshqa xodimlariga qo‘shimcha rag‘batlantirish uchun to‘lovlarga 10 mlrd so‘m sarflangan. Yana ko‘shimcha 3 mlrd so‘mga teng mablag‘ karantinga olingan fuqarolarni dori-darmonlar bilan ta’minlashga safarbar etilgan.


Shifoxonalarni qurish va jihozlash

Jami 411 mlrd so‘m shifoxonalar va karantin majmualarini qurish va jihozlash uchun sarflangan. Ushbu mablag‘ning 286 mlrd so‘mi 10 ming o‘rinli maxsus shifoxonalar qurish uchun, 111 mlrd so‘m 20 ming o‘rinli aholini vaqtinchalik karantinda saqlash majmuasini qurish uchun, 10 mlrd so‘m diagnostika laboratoriyasi majmuasining rekonstruksiyasiga, 4 mlrd so‘m tibbiy jihoz va inventarlar, dori-darmon, dezinfeksiya ishlari va tibbiy buyumlar uchun sarflangan.


Ijtimoiy soha

Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasidan ijtimoiy sohaga jami 147 mlrd so‘m yo‘naltirilgan. Bunda, 60 mlrd so‘m kam ta’minlangan oilalarda yashovchi xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash uchun Kasaba uyushmalari Federatsiyasiga; 50 mlrd so‘m band bo‘lmagan fuqarolarni vaqtinchalik ishlarga jalb qilish uchun Jamoat ishlari jamg‘armasiga; 26 mlrd so‘m ijtimoiy nafaqalarga, 11 mlrd so‘m «Toshkent metrooliteni» va «Toshshahartransxizmat» xodimlariga ish haqi to‘lash uchun ajratilgan.