O‘zbekiston xalqaro moliya institutlaridan koronavirusning salbiy oqibatlarini yengib o‘tish uchun eng kamida 1,625 mlrd dollar kredit mablag‘larini olishni rejalashtirmoqda. Bu haqda bosh vazir o‘rinbosari — iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri Jamshid Qo‘chqorov payshanba kuni bo‘lib o‘tgan brifingda ma’lum qildi.

U Moliya vazirligi huzurida koronavirus pandemiyasi oqibatlarini yumshatishga qaratilgan Inqirozga qarshi jamg‘arma tashkil etilganini eslatib o‘tdi. Xalqaro moliya institutlari kreditlari uning asosiy moliyalashtirish manbalari etib belgilandi. Hukumatga 2020 yilda davlat byudjetini va Inqirozga qarshi jamg‘armani moliyalashtirish uchun 1 mlrd dollargacha miqdorda tashqi qarzlarni jalb qilish topshirildi.

«Xalqaro valyuta jamg‘armasi o‘zi aslida, hukumatlarga kredit bermaydi, hozirgi vaziyatdan kelib chiqib ular ham 375 mln dollar berishiga kelishib oldik. Undan tashqari Jahon banki 750 mln dollar, Osiyo banki 500 mln dollar va hokazo», — dedi Jamshid Qo‘chqorov.

Bosh vazir o‘rinbosari bu mablag‘larning asosiy qismi hali yetib kelmagani, biroq O‘zbekiston davlati o‘zining yetarli moliyaviy kuch-qudratiga ega ekanligini ta’kidladi. Shumladan, u so‘nggi uch yilda oltin-valyuta zaxiralari 3 mlrd dollarga oshganini qayd etib o‘tdi.

Avvalroq moliya vaziri Timur Ishmetov kredit mablag‘larining to‘rt oy davomida kelib tushishini ma’lum qilgan edi.

«Biz mablag‘larning aprel oxiridan kelib tushishni boshlashini kutyapmiz. 1 mlrd dollardan ko‘proq kredit mablag‘lari may, iyun va iyulda qism-qism bo‘lib tushadi. Bunga qadar xarajatlarni qoplash uchun bir qism mablag‘larni byudjetdan, bir qismini — avvalgi kreditlar qoldiqlaridan oldik», — degan edi Moliya vazirligi rahbari.

Ayni vaqtga qadar Inqirozga qarshi kurash jamg‘armasiga davlat byudjeti, homiylik mablag‘lari, xalqaro moliya institutlari grantlari va kreditlari hisobidan 3,5 trln so‘m kelib tushgan.

Eslatib o‘tamiz, Jahon banki O‘zbekistonga sog‘liqni saqlash tizimini, ijtimoiy himoya institutlari va muassasalarini hamda byudjet ko‘magini moliyalashtirish uchun 1,2 mlrd AQSH dollari miqdorida mablag‘larni operativ tarzda ajratish masalasi faol ko‘rib chiqilayotganini bildirgan edi.