Jahon banki O‘zbekistonga ikkita loyihani moliyalashtirish uchun jami 295 mln AQSH dollari ajratishini tasdiqladi. Bu haqda Investitsiya va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Xabarga ko‘ra, 22 aprel kuni O‘zbekiston bosh vazir o‘rinbosari — tashqi savdo va investitsiyalar vaziri S. Umurzoqov Jahon banki Guruhi vitse-prezidenti S. Myuller hamda Jahon bankining Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasi bo‘yicha yangi vitse-prezidenti A. Berde va Bankning O‘zbekistonda loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha mas’ul xodimlari ishtirokida videokonferensiya bo‘lib o‘tdi.

«COVID-19 koronavirusi infeksiyasiga shoshilinch javob» loyihasi uchun 95 mln dollar miqdorida va «O‘zbekistonda bozor islohotlarining barqarorligini ta’minlash» loyihasini qo‘shimcha moliyalashtirish uchun 200 mln dollar miqdorida qarz bitimlari bo‘yicha muzokaralar muvaffaqiyatli yakunlangan bo‘lib, ushbu tashabbuslarni moliyalashtirishni tasdiqlash yaqin kunlarda kutilmoqda.

Muloqot chog‘ida S. Myuller «Do‘stlik» ordeni bilan mukofotlash to‘g‘risidagi qaror uchun Shavkat Mirziyoyevga alohida minnatdorchilik bildirib, ushbu orden O‘zbekistonda loyihalarni amalga oshirishda ishtirok etgan Jahon banki jamoasining muvaffaqiyatli ishini tan olishini bildirishini, o‘zaro munosabatlarning sifat jihatidan yangi ko‘lami va hamkorlikka alohida ishonch darajasini anglatishini ta’kidladi.

Shuningdek, Jahon bankining Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasi bo‘yicha yangi vitse-prezidenti, joriy yilning 1 may oyidan o‘z faoliyatini boshlashi kutilayotgan A. Berde iqtisodiy islohotlarning ijobiy dinamikasi hamda mamlakatni jadal rivojlantirish uchun keng istiqbollar mavjudligini inobatga olgan holda O‘zbekiston bilan bevosita hamkorlik qilish imkoniga ega bo‘lganidan xursand ekanligini aytib o‘tdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Jahon banki O‘zbekistonga sog‘liqni saqlash tizimi, ijtimoiy himoya institutlari va muassasalarini hamda byudjet ko‘magini moliyalashtirish uchun 1,2 mlrd dollar miqdorida mablag‘larni operativ tarzda ajratish masalasi faol ko‘rib chiqilayotganini bildirgan edi.