21 aprel kuni BMT Bosh assambleyasi yangi koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashish uchun dori-darmonlar, vaksinalar va tibbiy uskunalarni ishlab chiqarishni hamda ulardan foydalanish imkoniyatlarini tezlashtirishga qaratilgan global harakatlarga chaqiruvchi rezolyutsiyani qabul qildi. Bu haqda BMT matbuot xizmati xabar berdi.

Meksika tomonidan ishlab chiqilgan mazkur rezolyutsiya BMT Bosh kotibi Antonio Guterrishdan Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bilan yaqindan ishlashni talab qilib, dunyo bo‘ylab barcha muhtoj insonlar uchun, ayniqsa rivojlanayotgan mamlakatlarda test o‘tkazish, tibbiy buyumlar, dori-darmonlar hamda kelajakda koronavirus vaksinalari yaratilganda, ularni o‘z vaqtida va teng ravishda ta’minlanishi ilgari surilgan.

Shuningdek, rezolyutsiyaga muvofiq, davlatlar xavfsiz, samarali va hamyonbop hayotiy zarur dori-darmonlar, vaksinalar va shaxsiy himoya vositalaridagi spekulyatsiyaga chek qo‘yishga, mavjud yetishmovchilik sabablaridan biri bo‘lgan tibbiy buyumlarning haddan tashqari zaxiralarini yaratishdan voz kechishga chaqirdilar.

Qayd etish joizki, Bosh Assambleya pandemiya paytida o‘z majlislarini videokonferensiya shaklida o‘tkazmoqda. Assambleyaning yangi qoidalariga binoan rezolyutsiya loyihasi a’zo davlatlarga tarqatiladi va agar biron bir mamlakat belgilangan muddatdan oldin e’tiroz bildirsa, rezolyutsiya bekor qilinadi. Bosh assambleya prezidenti Tijjani Muhammad-Bande 21 aprel kuni BMTning barcha 193 a’zo davlatlari mazkur rezolyutsiyani e’tirossiz bir ovozdan qabul qilingan.

Eslatib o‘tamiz, Bosh assambleyaning rezolyutsiyalari qonuniy kuchga ega emas, lekin dunyo hamjamiyatining fikrini aks ettiradi va rezolyutsiya tavsiyalariga rioya qilish har bir davlat uchun ixtiyoriy.