Qozog‘iston Markaziy banki yuridik shaxslarning bank hisob raqamlaridan naqd pul yechish bo‘yicha shartlarni o‘zgartirdi, deya xabar berdi nazoratchi matbuot xizmati.

1 iyundan boshlab limit kichik biznes uchun — oyiga 20 mln tenge (46 ming dollarga yaqin), o‘rta biznes uchun — oyiga 120 mln tenge (taxminan 275 ming dollar), yirik bizneslar uchun — oyiga 150 mln tengeni (344 ming dollarga yaqin) tashkil etadi. Mazkur chegaradan ortiqcha naqd pullarni yechish uchun esa kompaniyalardan asos keltirib berish talab qilinadi.

Cheklovlar qishloq xo‘jaligi oziq-ovqat mahsulotlari savdosi bilan shug‘ullanuvchi hamda oziq-ovqat mahsulotlari, ichimliklar, farmatsevtika va tibbiy buyumlarning chakana savdosi bilan shug‘ullanadigan yakka tartibdagi tadbirkorlar, kichik tadbirkorlik sub’ektlari, yuridik shaxslarga nisbatan tatbiq etilmaydi.

Markaziy bank raisi o‘rinbosari Dina Galiyeva yangilik yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish, biznes sub’ektlari amalga oshirayotgan operatsiyalar shaffofligini oshirish hamda pul yuvishga qarshi turishga qaratilgan.

“2017 yilda yuridik shaxslar bank hisobvaraqlaridan 1,6 trln tenge, bir yil o‘tib — 2,4 trln tenge, 2019 yilda — 2,8 trln tenge yechib oldi. Naqd qilinayotgan mablag‘lar miqdori yildan-yilga o‘sib bormoqda. Shu bilan birga, tadbirkorlarning o‘zlari ta’kidlaganidek, ushbu mablag‘lar ma’lum tovarlar va turli xizmatlar uchun to‘lash uchun ishlatiladi. Kompaniyalar bunday operatsiyalarni naqdsiz usulda amalga oshirishlari ham mumkin — hech qanday cheklovlar yo‘q”, — deya Dina Galiyeva so‘zlarini keltiradi informburo.kz.

Markaziy bank rahbari o‘rinbosari 2019 yilda bir yuridik shaxs yiliga o‘rtacha 9 mln tenge, oyiga esa 747 ming tenge naqdlashtirishini qo‘shimcha qildi. Joriy etilayotgan limitlar esa ushbu ko‘rsatkichdan baland.