O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 22 aprel kuni aholi bandligini ta’minlash va daromadi keskin kamayishining oldini olish masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi, deya xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati.

Karantin tufayli O‘zbekistonda 196 mingta korxonada ishlab chiqarish va xizmatlar ko‘rsatish hajmi keskin kamaygani qayd etildi. Aprel oyining 20 kunida soliq tushumlari qator viloyatlarda 30−40 foiz, ayrim tuman va shaharlarda esa 50 foizdan ko‘proqqa kamayga.

Yig‘ilishda karantin cheklovlari sababli vaqtincha ishsiz qolgan fuqarolarni moddiy qo‘llab-quvvatlash masalasi Samarqand va Namangan viloyatlarida amalga oshirilayotgan ishlar misolida muhokama qilindi.

Tadbirkor va fermerlar kambag‘al oilalarga tomorqada ekin ekishga yordam berishi, takroriy ekin uchun o‘z yeridan joy ajratishi, kasanachilikni yo‘lga qo‘yishda ko‘maklashishi lozimligi ta’kidlandi. Davlat esa bunday sub’ektlarga soliqni bo‘lib-bo‘lib to‘lash, muddatini kechiktirishga ruxsat beradi yoki kredit ajratadi.

Bu boradagi tadbirlarni samarali tashkil etish maqsadida Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi hamda Davlat soliq qo‘mitasi mas’ulligida vazirlik va hokimliklar faoliyatini muvofiqlashtirib boruvchi operativ shtab tuziladi.

Barcha tuman va shaharlarda ishsiz qolgan hamda ehtiyojmand aholini nomma-nom aniqlab, shakllantirilgan ro‘yxatlar asosida “Saxovat va ko‘mak” umumxalq harakati doirasidagi ishlarni manzilli yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Karantindan oldin ham ishsiz bo‘lgan va kunlik daromad asosida yashab kelgan odamlarni faol mehnat orqali ish bilan ta’minlash zarurligi ta’kidlandi.

Xususan, qishloq xo‘jaligi kooperativlari va xonadonlarda issiqxonalar tashkil etish hisobiga 14 mingta yangi ish o‘rni yaratish mumkinligi ko‘rsatib o‘tildi. 110 ming kishini mavsumiy, 167 ming fuqaroni jamoat ishlari bilan qamrab olish vazifasi qo‘yildi.