Toshkent viloyatining Qibray tumanida chet ellik investorlar uchun Invest Village shaharchasi quriladi. O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining 18 apreldagi qarorida bu haqda so‘z boradi.

Investorlar uchun shaharcha «Tuzel» qishloq fuqarolar yig‘ini Tinchlik ko‘chasida barpo etiladi. 2012 yilda 40 gektarlik ushbu yer uchastkasi meva, rezavor meva yetishtirish va uzumchilikni rivojlantirish uchun Super Garden 49 yil muddatga ajratilgan edi. Biroq ball boniteti pastligi — 53,2 ball — sababli yer uchastkasini qishloq xo‘jaligi toifasidan aholi punkti toifasiga o‘tkazishga ruxsat berildi.

Hujjatga ko‘ra, loyiha Super Garden tomonidan Turkiyaning Toleza Tekstil to‘qimachilik kompaniyasi bilan birgalikda amalga oshiriladi. Invest Village shaharchasiga 25 mln dollar sarmoya kiritish rejalashtirilgan bo‘lib, ushbu mablag‘ning 20 mln dollari turk kompaniyasining to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyasi, 5 mln dollari esa Super Garden mablag‘lari hisoblanadi. 100 ta ishchi o‘rni tashkil etilishi kutilmoqda.

Shaharcha 2021 yilda foydalanishga topshirilishi lozim. Qurilgan uylarning 5 foizini Toshkent viloyati hokimiyati oladi.